Surxondaryo viloyati: Ona tabiat muhofazasiga barchamiz mas’ulmiz
16.
11. 2020
17:17
6228
Yangiliklar

Termiz shahridagi Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi A.Bobomurodov hamda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi nazorat inspektsiyasi boshlig‘i X.Aralovlar tabiatni muhofaza qilish sohasiga oid qonunchilik ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ta’kidlandiki, o‘tayotgan yilda prokuratura organlari xodimlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari sohaga oid qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan belgilangan vazifalarni amalga oshirib, salmoqli natijalarga erishdi.

Jumladan, yilning o‘tgan davrida 8 ta qo‘pol qonunbuzilish aniqlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tabiatni muhofaza qilish sohasiga oid qonun va qonun osti hujjatlari talablarini buzgan 4 ming 243 xuquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga muvofiq ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, 1 milliard 435 million so‘mdan ortiq jarima belgilandi. Mazkur huquqbuzarlikning 34 tasi mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, tegishli tartibda ma’muriy jazo choralari ko‘rildi.

Tabiatga yetkazgan zarari uchun 366 ta yuridik va jismoniy shaxsga nisbatan 7 milliard 369 million 62 ming so‘mga yaqin da’vo jarimalari belgilanib, ulardan 3 milliard 448 million 76 ming 589 so‘m miqdoridagi jarima undirib olindi. Brakonerlardan 231 ta to‘r materiallari, 7 ta ov miltig‘i vaqtincha olib qo‘yildi.

Ekologiya va atrof-muhit musaffoligi sayyoramizda global muammoga aylanib borayotgan bir paytda mamlakatimizda o‘simlik va hayvonot dunyosini, atmosferani avaylab-asrash, yer, suv va boshqa tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishning qonun yo‘li mustahkamlangani sohaga munosabatni o‘zgartirishda muhim omil bo‘lmoqda. Biroq, ayrim kishilarning tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni chuqur bilmasligi, tabiat boyliklariga beparvoligi oqibatida qonun buzilish holatlari sodir etilayotgani achinarlidir.

Bunday noxush holatlarning oldini olish uchun vohada prokuratura organlari xodimlari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari olis va chekka hududlarda ham targ‘ibot tadbirlarini yo‘lga qo‘ydi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida prokuratura xodimlari 6 ming 958 ta targ‘ibot tadbirlarini olib bordi. Shuningdek, tabiat jonkuyarlari ham bu borada amalga oshirayotgan ishlari sifati va samaradorligini ta’minlashga e’tiborni yanada kuchaytirayotir.

Matbuot anjumanida tabiat musaffoligini ta’minlash faqat qonun himoyachilari va soha mutaxassislarining vazifasi emas, balki keng jamaotchilikning muhim ishi ekani qayd etildi. Ekologiyaga oid qonunchilikda belgilangan jazo choralari, daraxtlarni kesish, chiqindilarni o‘z vaqtida tashib ketish, hazonlarni yoqish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham atroflicha fikr almashildi. Jurnalist va blogerlarning savollariga atroflicha javob berildi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV / O‘zA
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat)

Manba: http://www.uza.uz/uz/posts/ona-tabiat-muhofazasiga...

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar