Hikoya: Ov
11.
11. 2020
11:54
6658
Yangiliklar

Tonggi sakkizlarda dupurlagan qadam tovushlari va tob tashlagan eshikning qattiq surilib, ochilgani eshitildi. Allaqachon uyg‘onib, to‘shagida mudrab yotgan Diyor birdan jonlanib, ostonaga chopib chiqdi. Ostonada qo‘sh otar miltig‘ini yelkasiga ilib olgan Ashraf og‘a turardi. Tashqarida sovuq, qor tizza barobar yog‘ib qo‘ygan bo‘lsa-da, havo ochiq. Kigiz etik, qalin paxtali kamzul va telpakda uzoq yo‘l bosib, terlab-pishib ketgan Ashraf og‘a ichkariga ham kirmay, shoshqin ohangda dedi:

– Sobirni uyg‘ot, ketdik!

– Otdingizmi?!

– Ha, kiyik! Tezroq bo‘linglar. A’zani tashlab kelganman.

Yaxshi, bu safar dumiga tegmabdi! Ashraf og‘aning shunday hazili bo‘lardi. Ovdan quruq qaytsa, «Dumiga tegdi,» – derdi. Yigirma daqiqalarga qolmay uchovlon nishablik bo‘ylab, quyosh nurida jilvalangan qorni kechgancha, o‘lja tashlab kelingan do‘nglik tomon tirmasha boshladilar. Oldinda Ashraf og‘a, ketidan Diyor va eng oxirida, bir necha qadam orqaroqda, og‘aning o‘g‘li – Sobir, ergashgandi.

– Sobir, imillama. Charchadingmi? – dedi Ashraf og‘a, ortiga qayrilib. Keyin to‘xtab, bir chekim nos otdi-da atrofga ko‘z tashladi. Hamma yoq osuda, faqat ora-sirada shir yalang‘och olma og‘ochiga qo‘nib olgan qarg‘aning qag‘illagani jimlikni buzardi. Parqu bulutlar suzib yurgan, moviy kenglikda bir burgut bamaylixotir parvoz qilyapti. Oppoq qorga burkangan do‘ngliklar uyqida. Kimningdir uch-to‘rt bosh sigiri u yer bu yerda yakkam-dukkam ko‘rinib turgan o‘t-o‘lanlarni erinchoqlik bilan chimdiydi. Ulardan olisroqda, tog‘ yonbag‘rida, uzangan qarag‘ayzor qorayib ko‘rinadi.

Pish-pish nafas olgancha, nihoyat, Sobir ham yetib keldi. Yuzi sovuqdan qizarib, ko‘zini, sal qolsa, yopib qo‘ygan qalpog‘ini ham to‘g‘rilab olishga majoli qolmagandi. Uning biqqa semizligi shunaqa paytlarda ko‘p pand berardi. Ashraf og‘a va Diyor ikkisi miyiqlarida kulgancha unga razm solishdi.

– Rosa terlabsan-ku. Ozroq dam ol, – dedi og‘a rahmdillik bilan.

Bir oz nafas rostlagach, yana yo‘lga tushishdi va o‘sha ko‘yi, tepalikka yetib chiqquncha to‘xtamadilar.

Kiyik uncha katta emas ekan. Yonginasida qo‘riqlab yotgan A’za, bo‘yindagi o‘q tekkan joyni yalab ko‘rganini aytmasa, umuman teginmabdi. Ashraf og‘a bu xususiyatni shunday ochofat itga qanday singdirib yuborgani noma’lum edi-yu, lekin, chindan ham, u qozoq ovchilarini lol qoldirardi. O‘sha ovchilarning aytishicha, alabayni ovga o‘rgatib bo‘lmas ekan. Lekin A’za bundan mustasno bo‘lib, og‘aning ovdagi ishonchli hamrohiga aylangandi. Otilgan tustovuqni chakalakzorlar ichidan topib chiqish, to‘ng‘iz yo kiyik kabi kattaroq o‘lja bo‘lsa, olib ketilgunicha poyloqchilik qilib yotish, aynan, uning zimmasida edi. Bundan tashqari, o‘zi ham ba’zan bo‘rsiq yoki to‘ng‘iz bolasi kabi mayda kemiruvchilarni ovlab turardi. Chindan ham, alabayning hatti-harakatlari g‘aroyib edi: yo‘lida duch kelgan qo‘y yoki buzoqni shafqatsizlarcha g‘ajib tashlardi-yu, ovlangan o‘ljaga teginmay, xuddi, o‘z bolasiday, yonida soatlab yotaverardi.

Ashraf og‘a itning boshdan silab, erkalab qo‘ydi.

– Diyor, pichoqni ol. Maydala-chi, qani.

Keyin diyor orqasiga ilib olgan xaltadan pichoqni olib, kiyikni so‘yishga kirishdi. Bir zumda kallasini uzib, ichak-chavoqlarini ag‘darib tashladi. Ammo shu payt barchalarini hayratga solgan, ayanchli voqea yuz berdi: ichak-chavoqlar orasida, bachadon pardasi ichida bir nima g‘imirlardi. Kiyik bo‘g‘oz ekan! Ana, oyoqlari bilan tinmay tepinyapti! Buni ko‘rgan Sobirning yuragi uvushib ketdi. Esiga bir safar qaerdandir daydib kelib qolgan kiyik bolasi tushdi. Yoz paytlari edi. Sobir dadasidan so‘kish eshitib, uy tepasidagi shudgorda bir ildizni bolta bilan maydalayotgandi. Shu payt yonginasida turgan, toychoqqa o‘xshash jonivorni payqab qoldi. U qop-qora ko‘zlarini Sobirga hayrat bilan tikib turardi. Sobir avvaliga uni toychoq deb o‘yladi. So‘ngra uning yon boshidagi oq dog‘larni payqab qoldi-yu dabdurustdan baqirib yubordi:

– Bembi!

Jonivor sapchib, orqasiga qoqildi-da bir zumda o‘zini o‘nglab, uy biqinidagi sim to‘siq tomon o‘qday otildi. To‘siq orasidan yelday o‘tdi va olmazor ichiga g‘oyib bo‘ldi. Bu nimjon oyoqlarda qanday chapdastlik, shiddat bor ekan! Nariroqda kuymalanib yurgan Javlon bilan Najib uning ortidan och ko‘ppaklar kabi lapanglab quvgan bo‘lishdi-yu, yeta olmay, halloslab qaytib kelishdi.

Ular bunday go‘zallikka o‘ldirmay ega chiqa olmasdilar. Albatta, ularga keragi bu g‘aroyib jonzotning go‘zalligi ham emas edi. Mana, hozir chavoqlangan kiyik tepasida turgancha hali tug‘ilishga ulgurmagan jonzotga achinayotib ham mazali o‘ljaga ega chiqqanlaridan, kayfiyatlari chog‘ edi. Faqat, Sobir boshqalardan ko‘ra ko‘proq qayg‘urdi. Diyor bo‘liq etni bo‘laklarga ajratayotgan paytda bir chetga uloqtirib qo‘yilgan ona kiyik boshiga g‘amgin tikilib qolgandi. Undagi tim qora ko‘zlardan, hatto, tanasidan ayro holda ham, yosh oqayotganday tuyulardi.

– Sobir, buni sen ko‘tar, – Ashraf og‘a uni sergak torttirdi. Qarasa, Diyor go‘shtni maydalab, qoplarga epchillik bilan joylab ham bo‘libdi. Uchovlon bittadan orqalab, nishablikdan ortga qaytishdi. Yorug‘ dunyoni ko‘rishdan mosuvo bo‘lgan kiyik bolasining yonida, faqat, A’za qoldi. Ammo uning niyati endi poyloqchilik qilish emas edi.

Kiyik qovurdoq juda mazali chiqibdi. O‘tgan dilxiralikni, hatto, Sobir ham butkul unutib, miriqib ovqatlandi. Ashraf og‘a og‘zidagi luqmani yutarkan, jiyani va o‘g‘liga mamnun so‘z qotdi:

– Piyozdan ko‘proq qo‘shib yenglar. Oson hazm bo‘ladi.


Rafiq O‘zturk

Manba: https://nodirabegim.uz/archives/3262

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar