Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsatnoma berish

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI

 TABIATDAN FOYDALANISh SOHASIDA DAVLAT XIZMATLARI KO‘RSATIShNING AYRIM MA’MURIY REGLAMENTLARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017 yil 12 dekabrdagi PF-5278-son Farmoni muvofiq va tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilar tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari (keyingi o‘rinlarda davlat xizmatlari deb ataladi) ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari hisoblansin:

davlat xizmatlari ko‘rsatishda yuridik yoki jismoniy shaxslarning bevosita ishtirok etishini talab qiladigan tartibotlar sonini hamda ularni ko‘rsatish muddatlarini tubdan qisqartirish;

yuridik va jismoniy shaxslardan boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinadigan hujjatlar va ma’lumotlar talab qilinishini bekor qilish;

davlat xizmatlari ko‘rsatishda byurokratik to‘siq va g‘ovlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro yaqin idoralararo elektron hamkorlik o‘rnatish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish;

O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini (keyingi o‘rinlarda YaIDXP deb ataladi) davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yagona axborot maydonchasi sifatida belgilash.

2. Quyidagilar tasdiqlansin va 2018 yil 1 apreldan boshlab amalga kiritilsin:

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq;

O‘simlik dunyosi ob’ektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq;

Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti 3-ilovaga muvofiq.

3. Belgilansinki, 2018 yil 1 apreldan boshlab ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlarga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qiladilar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi va davlat xizmatlari ko‘rsatilishida ishtirok etadigan boshqa davlat organlari:

o‘n kun muddatda — davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishini hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanishini;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda 2018 yil 1 aprelgacha bo‘lgan muddatda hududiy bo‘linmalar, idoraviy mansub tashkilotlar va davlat xizmatlari ko‘rsatilishida ishtirok etadigan boshqa tuzilmalarning YaIDXPga ulanishini;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2018 yil mobaynida har chorakda kamida bir marta Davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlarni amalda qo‘llashning samaradorligi va amalda qo‘llanilishi natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlasinlar.

5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda 2018 yil 1 aprelgacha bo‘lgan muddatda YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibotini joriy etsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda 2018 yil 1 aprelgacha bo‘lgan muddatda Yagona billing tizimi orqali real vaqt rejimida elektron shaklda to‘lovlar qabul qilinishini hamda davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobi yuritilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi:

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ular tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ular faoliyati ustidan, shu jumladan, YaIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatsin;

ushbu qaror bilan tasdiqlangan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarning talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolarni ko‘llasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari 2018 yil 1 apreldan boshlab o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

9. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

10. Belgilab qo‘yilsinki, davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2018 yil 31 mart,
255-son


Foydali manbalar