O‘zbekiston va Koreya: Ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
24.
08. 2023
11:18
1808
Янгиликлар

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida strategik hamkorlikni chuqurlashtirish masalasi faol ishlab chiqilmoqda.



Shu munosabat bilan 2023-yilning 23–28-avgust kunlari Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) prezidenti Choy Xyong Jin boshchiligidagi Koreya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilmoqda.

Delegatsiya tashrifining birinchi kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov va KEITI prezidenti Choy Xyong Jin o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning erishilgan darajasi va qo‘shma grantni amalga oshirish masalalari, Jizzax viloyatidagi qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, o‘zbekistonlik mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash, qo‘shma ilmiy dastur va loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Koreya hukumati Iqtisodiy rivojlanish hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) tomonidan moliyalashtirilishi kutilayotgan “Jizzax viloyatida chiqindilarni kompleks boshqarish” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ekologiya vazirligi mutaxassislarining fikr va mulohazalari tinglanib, hujjat loyihasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Koreya Respublikasi delegatsiyasining tashrifi doirasida, shuningdek, Jizzax shahridagi Sh.Rashidov poligonini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 6,6 mln. AQSh dollariga teng grant loyihasini amalga oshirish masalasini muhokama qilish, Koreya ekologik texnologiyalari ko‘rgazmalarini o‘tkazish, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi chiqindixonalar, suv tozalash va kanalizatsiya tozalash inshootlariga tashriflar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Фойдали манбалар