Xorazm milliy tabiat bog‘i
06.
04. 2020
14:16
6604
Yangiliklar

So‘nggi yillarda respublikada o‘ziga xos, noyob, qimmatli tabiiy ob’ektlarni va majmualarni, o‘simliklarning va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolish, inson faoliyatining tabiatga bo‘lgan salbiy ta’sirini oldini olish, shuningdek, tabiiy jarayonlarni o‘rganish, atrof tabiiy muhit monitoringini olib borish, ekologik ta’lim va tarbiyani takomillashtirish maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Xususan, Amudaryo deltasida tabiiy to‘qay resurslarini muhofaza qilish, ularni qayta tiklash hamda Xorazm viloyatidagi cho‘l ekotizimlarini saqlash va viloyatda ekoturizmni yanada rivojlantirish maqsadida Xorazm viloyatining Urganch, Xonqa, Xiva, Yangibozor va Hazorasp tumanlari hududlarida davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida umumiy maydoni 21 687,5 gektar bo‘lgan Xorazm milliy tabiat bog‘i tashkil etildi.

Ushbu milliy bog‘ Xorazmda «Qizil kitob»ga kiritilgan yovvoyi hayvonlar, qushlar hamda noyob dorivor o‘simliklarni saqlab qolish, shuningdek qayta ko‘paytirish  va viloyatning ekoturizm salohiyatini kuchaytirish, kelajak avlodga ona tabiatni sofligicha qoldirish maqsadida tashkil qilindi.

Yangibozor tumanidagi Amudaryo sohilida noyob va yo‘qolib ketayotgan hayvon va qushlarni asrash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomnik tashkil qilinib, uning hududidan 3,5 gektar tabiiy to‘qayzor temir panjara bilan o‘raldi. Bu yerda Buxoro bug‘usi, Jayron va boshqa noyob hayvonlarni sun’iy ravishda ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun moddiy – texnika bazasi tashkil qilindi. Ushbu pitomnikda chet el grantlari va olimlarni jalb qilgan holda tabiatni muhofaza qilish sohasida ilmiy ishlarni olib borishga sharoit yaratiladi. Pitomnik binosida 50 kishiga mo‘ljallangan o‘quv seminar zali, laboratoriya xonasi, oshxona  va boshqa xonalar mavjud.

Mazkur milliy bog‘, kelgusida albatta chet ellik sayyohlarning e’tiborini qozonib, mamlakatimizga turistlar oqimining yil sayin ko‘payishida muhim ahamiyat kasb etadi.




 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar