Yoshlar siyosati to‘g‘risida

Dunyo aholisining qariyb 20 foizini yoshlar tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi. Yoshlar xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligi. Ular uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
 

Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy printsiplari

Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:

– ochiqlik va shaffoflik;
– yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi;
– yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;
– ma’naviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi;
– yoshlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi.
 

Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

– yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
– yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash;
– yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
– yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash;
– yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;
– yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
– yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;
– yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
– iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish;
– yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
– yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
– yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
– yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

 

 


Foydali manbalar