Qaror

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

DAVLAT ORGANLARI HUZURIDA JAMOATCHILIK KENGASHLARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

     O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda mustaqil fuqarolik institutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, ularning erkin faoliyati kafolatlarini ta’minlash, davlat organlarining fuqarolar bilan yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ularning ochiq, shaffof va oshkora faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yuzasidan kompleks va izchil ishlar amalga oshirildi.

   Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari faoliyati tashkil etildi, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

     Bunda davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sherikligini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari yaratildi, davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning huquqiy asoslari shakllantirildi, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan isloh qilindi, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarining qonunchilik asoslari yaratildi, shuningdek, «Elektron hukumat» tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda va ro‘yobga chiqarilmoqda.

     SHu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili, shuningdek, fuqarolar bilan tashkil etilayotgan uchrashuvlar natijalari davlat va jamiyat o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda qator muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan:

birinchidan, muloqotni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida bog‘lab turuvchi «ko‘prik»ning yo‘qligi davlat organlari faoliyatidagi muammolarni aniqlash hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;

ikkinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish masalalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashish, jumladan fuqarolarning qonun hujjatlarini takomillashtirishga va jamiyatdagi muammolarni hal qilishga doir takliflariga beparvo munosabatda bo‘lish holatlari davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga hamda davlat va xalq o‘rtasida «muloqot maydoni»ni shakllantirishga to‘sqinlik qilmoqda;

uchinchidan, fuqarolarda davlat organlari faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatining yo‘qligi, ko‘pchilik hollarda ularga bunday axborotni taqdim etish asossiz ravishda rad etilayotganligi xalqning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda;

to‘rtinchidan, davlat organlari faoliyatida sog‘lom ishchanlik muhitini va qonuniylikni joriy etishga, xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarning lozim darajada amalga oshirilmasligi ular tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari ko‘payishi, fuqarolarning huquqlari buzilishi, davlat organlari xodimlari xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar sonining ortishi va aholining davlat organlari faoliyatidan noroziligi kuchayishi uchun shart-sharoitlar yaratmoqda;

beshinchidan, xodimlarning xizmat va uy-joy shart-sharoitlarini yaxshilashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi, shuningdek, bu sohada mavjud muammolar hal etilishi ustidan jamoatchilik nazoratining kutilayotgan natijalarni bermayotganligi ular faoliyatining samaradorligini pasaytirishga olib kelmoqda.

Mazkur muammolarni hal qilish davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlariga bo‘lgan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqishni, jumladan aholi bilan ochiq va manzilli muloqot olib borishning yangi samarali vositalari va mexanizmlarini joriy etishni talab qilmoqda.

Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat va jamiyat o‘rtasida ta’sirchan hamda samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning mustahkam mexanizmlarini rivojlantirish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlash, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari va keng jamoatchilikning har bir davlat organi, jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizom ilovoga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi;

jamoatchilik kengashi davlat organi rahbarining qarori bilan tashkil etiladi;

jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va davlat organi rahbarining qarori bilan tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiradi;

jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, davlat organida namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.

4. Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, davlat organi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha davlat organi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

birgalikda muloqot qilish, davlat organining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun davlat organini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan «ko‘prik» rolini bajarish;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan davlat organining faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;

davlat organi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;

davlat organi faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

davlat organi faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

davlat organi faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

davlat organlari xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.

5. Jamoatchilik kengashiga quyidagi huquqlar berilsin:

davlat organi tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

davlat organining, jumladan uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlarining binolari (xonalari) va boshqa ob’ektlarini davlat organi tomonidan belgilangan tartibda borib ko‘rish;

davlat organi, uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlari rahbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

davlat organi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan davlat organining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

davlat organining qonun ijodkorligi faoliyatida, davlat organi tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga davlat organi tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;

davlat organi xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;

jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish.

6. Davlat organlari bir oy muddatda:

jamoatchilik kengashlarining tarkiblarini tasdiqlasin va ularning faoliyatini tashkil etishga doir masalalar hal etilishini ta’minlasin;

davlat organiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizom asosida jamoatchilik kengashlari haqidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutiga davlat organlari bilan birgalikda ikki oy muddatda jamoatchilik kengashlari faoliyatini axborot-tahliliy va uslubiy ta’minlash, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilishda ularga ko‘maklashish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.

8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi mazkur qarorning mazmuni va ahamiyati keng yoritilishini hamda aholiga etkazilishini tashkil etsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov va davlat organlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOEV

Toshkent sh.,

2018 yil 4 iyul,

PQ-3837-son


Foydali manbalar