O‘zbekiston – Germaniya: Tajriba almashish, malaka oshirish, yangilikka intilish – taraqqiyot omili
18.
10. 2019
17:13
5314
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Germaniyaning «NAUE» kompaniyasi rahbari Yuriy Shlee bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari H.Husanov, qo‘mita mas’ul xodimlari, Germaniyaning «NAUE» kompaniyasi rahbari Yuriy Shlee ishtirok etishdi. Yig‘ilishda asosiy e’tibor «NAUE» kompaniyasi bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish, qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini (QMCh) boshqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, xalqaro standartlarga mos ravishda zamonaviy QMCh poligonlari, drenaj inshootlarini qurish, kompaniya xizmatlarini taqdimot qilish, shuningdek, soha mutaxassislarini o‘qitish masalalarini muhokama qilishga qaratildi.

Uchrashuv avvalida qo‘mita raisi o‘rinbosari H.Husanov mehmonlarni mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, ushbu yo‘nalishdagi mavjud milliy qonunchilik bilan qisqacha tanishtirib o‘tdi. Shuningdek, u bugungi kunda respublikada qattiq maishiy chiqindilarni tashish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish sohasidagi faoliyat, ushbu sohani tartibga solish hamda rivojlantirish borasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Yu.Shlee kompaniya faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Yu.Shlee kompaniya tomonidan qurilgan chiqindi poligonlari va QMCh poligonlaridagi izolyatsiya ishlarida foydalaniladigan maxsus materiallarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘z yuritdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, kompaniya tomonidan yer maydonlari, drenaj inshootlari, poligonlar, QMCh qayta ishlash qurilmalari, shu jumladan, gazni qayta ishlash va qazib olish, suyuq chiqindilarni lokalizatsiya qilish tizimlari, o‘quv kurslari va h.k.kabi xizmat turlari ko‘rsatiladi.

Xorijlik mehmon uchrashuv ishtirokchilariga «NAUE» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlardan namunalar taqdim qildi. Uchrashuv yakunida xorij kompaniyasi rahbari Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlarini tajriba almashish uchun Germaniyaga taklif qildi.


Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 




 


 

Foydali manbalar