Shahrisabzning IHT turizm poytaxtiga aylanishi hamkorlikni yanada kengaytiradi
25.
04. 2024
19:14
1772
Янгиликлар

Bugun, 25-aprel kuni “Shahrisabz – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” xalqaro tadbiriga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.  Unda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziri, Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev, Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Boʻriyev, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda nutq so‘zlaganlar  Shahrisabzga “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” maqomi berilishi hamda uning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, kelgusida turizm sohasida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha jurnalistlarning savollariga javob berildi. 

“Shahrisabzning mahobatli arxitekturasi, joʻshqin madaniyati va hayratlanarli manzaralari Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning bebaho durdonasiga aylantiradi, — dedi IHT bosh kotibi Husrav Noziri. — Oʻzbekistonning qoq markazida joylashgan Shahrisabz oʻzining qadimiy devorlarida tarix va ulugʻvorlik xazinasini saqlab kelmoqda.  Bugun barchamiz muhim voqeani nishonlash uchun yigʻilgan ekanmiz, keling, O‘zbekiston turizm sohasida cheksiz salohiyatga ega ekanligini tan olaylik”.

Tarixan Shahrisabz minglab yillar davomida Buyuk Ipak yoʻlining asosiy markazlaridan biri boʻlgan, aynan shu yer savdo aloqalari, madaniyatlar, eʼtiqodlar, ilgʻor fikrlar va gʻoyalar almashinuvi chorrahasi boʻlib xizmat qilgan. Tarix bu shaharda qator yirik imperiyalar va davlatlar tashkil etilib, ravnaq topishiga bevosita guvoh boʻlgan. 

“Shahrisabz – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” xalqaro anjumani doirasida tashkil etiladigan tadbirlar IHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, turizm sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qoʻshadi", — deb taʼkidladi Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev. 

Xalqaro tadbir doirasida IHT Turizm forumi va asosiy tadbir bilan birga, “Shahrisabz 2024 – IHT turizm poytaxti” mavzusida aʼzo davlatlarning yetakchi rassomlari ishtirokida badiiy koʻrgazma, IHTga aʼzo mamlakatlar yosh dizaynerlari oʻrtasida “Modest Fashion Show” tanlovi, IHT davlatlari xalqaro etnosport oʻyinlari oʻtkaziladi. Bundan tashqari, Tashkilotga aʼzo davlatlar oshpazlari ishtirokida “Shahrisabz pazandachilik bellashuvi”, IHT folklor jamoalari ishtirokidagi “International folk” festivali boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

Фойдали манбалар