Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar dasturining maqsadlari tasdiqlandi
08.
02. 2024
12:47
1140
Янгиликлар

Toshkentda Global ekologik fond (GEF), BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida “Global bioxilma-xillik dasturi – erta harakatni qo‘llab-quvvatlash” loyihasini muvofiqlashtirish qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Loyiha mamlakatlarga milliy biologik xilma-xillik dasturlari, strategiyalari va harakat rejalarini uyg‘unlashtirishni boshlashlari uchun moliyaviy va texnik yordam ko'rsatish orqali Kunming-Monreal Global Biologik xilma-xillik asosini amalga oshirishga va barvaqt harakatni tezlashtirishga qaratilgan.

"O‘zbekistonda Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha 1-milliy strategiya va harakatlar dasturi 1998-yilda, 2-dastur esa 2019-yilda qabul qilingan. Mazkur dasturda vazifalar 2010–2020-yillarga mo‘ljallangan maqsadlardan kelib chiqib belgilangan.  2022-yildagi 3-dasturga esa yangi vazifalar kiritildi. Bunga ko‘ra, milliy strategiyani qayta ko‘rib chiqib, 2030-yilgacha mo‘ljallangan, bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan yangi maqsad va vazifalar bilan boyitishni maqsad qilganmiz", — dedi Ekologiya vazirligi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bo‘limi boshlig‘i Xalilulla Sherimbetov.

Tadbirda Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita to‘g‘risidagi nizom, uning shaxsiy tarkibi, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha loyiha hisoboti va 2024-yilga mo‘ljallangan loyiha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

“Loyiha O‘zbekistonda o‘tgan yilning aprel oyida boshlangan. Uning vazifalari mavjud milliy maqsadlarning global asosga mos kelishini ta'minlash uchun ularni tanqidiy ko'rib chiqishdan iborat. Shuningdek, loyiha doirasida biz bioxilma-xillikni muhofaza qilish va saqlashni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berish maqsadida mavjud monitoring tizimini, biologik xilma-xillik siyosatini va turli konvensiyalar o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘rib chiqish va tahlil qilishni rejalashtirmoqdamiz”, dedi — "Global bioxilma-xillik dasturi — barvaqt harakatlarni qo'llab-quvvatlash" loyihasi rahbari Sergey Zagrebin.

“Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasining yangi integral ko‘rsatkichlarini tayyorlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning tasdiqlanishi Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita yig‘ilishining muhim natijasi bo‘ldi. Maqsadlar 2024-yilda tayyorlanadi va Kunming-Monreal Global Biologik xilma-xillik doirasi (GBF) da belgilanganidek, Konvensiya Kotibiyatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun: 2022-yilning 19-dekabrida 190 ta davlat Kunming-Monreal global bioxilma-xillik asosi (GBF) bo‘yicha kelishuvga erishdi. Dastur 2050 yilgacha iqlimga neytral, tabiatga ijobiy ta'sir ko'rsatadigan va barqaror dunyoga yo'l ochadigan, biologik xilma-xillik bo'yicha global harakatlar uchun asos yaratadi, Iqlim bo'yicha Parij kelishuvini to'ldiradi va 2030-yilgacha insoniyatni tabiatni asrash va himoya qilish bo'yicha global harakatlarga yo'naltiradi.

Biologik xilma-xillik asoslari maqsad va vazifalariga erishishda mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Global ekologik fond dunyoning 138 ta davlatida BMTTD va UNEP bilan birgalikda amalga oshirilayotgan global loyihani moliyalashtirdi.

Фойдали манбалар