Iqlim o‘zgarishi muammolarini bartaraf etish chora-tadbirlari muhokama qilindi
22.
12. 2023
01:27
1896
Янгиликлар

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq sakkizinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan iqlim o‘zgarishining oldini olishda atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan ma'lumot berildi. 

Parlament eshituvida mamlakatimizda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida atmosfera havosini muhofaza qilish, hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish masalalari iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari, shuningdek, Barqaror rivojlanishning milliy maqsadlari va vazifalariga kiritilganligi ta’kidlandi.

 

Qayd etish joizki, Parij bitimi doirasida 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 35 foizga kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, iqlim o‘zgarishining oldini olishga qaratilgan dasturlar doirasida atmosfera havosiga ta’sir xavfi yuqori bo‘lgan 44 ta sanoat korxonasining ifloslantirish manbalaridan namuna olish va tahlil qilish bo‘yicha 69 ta avtomat stansiyasi hamda ularga tutash hududlarda 27 ta ko‘chmas kuzatish punktlari o‘rnatilgan. 

Ma’lumot uchun, joriy yilda  147 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonalaridagi 716 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalari ta’mirlandi hamda yangilandi. Natijada atmosferaga 10 ming tonnadan ortiq zararli tashlamalar chiqarilishining oldi olindi.

Shu bilan birga, faoliyat olib borayotgan 14 ta sanoat korxonasida samaradorligi 95 foizdan kam bo‘lmagan, 12 ta yangi tashkil etilgan korxonada esa 99,5 foizdan kam bo‘lmagan 32 ta chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan. Qolaversa, “Toza havo” tadbirlari doirasida 2 914 ta avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilishi natijasida atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar 209,232 tonnaga kamaytirilgan. 

Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilda 217 mln tup ko‘chat ekilgan. Atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan 189 ta sanoat korxonalari atrofida 1 mln 730 ming tup ko‘chat ekilib, “yashil belbog‘”lar,  shuningdek,  196 ta chiqindi poligonlari atrofida 135 ming tup daraxtlar ekilib, ihota daraxtzorlar barpo qilingan.

Eshituv davomida sohada ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolayotganligi ham ta’kidlandi. Muhokamalar yakunida respublikamizning barcha hududlarida atmosfera havosi ifloslanishi darajasini ruxsat etilgan me’yorlargacha tushirish, 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari tashlamalarini 35 foizga kamaytirish hamda atmosferaga metan gazini tashlashni 30 foizga qisqartirish choralarni ko‘rish masalalari ilgari surildi. 

Shu bilan birga,  shaharlar va sanoati rivojlangan shaharlarda mayda dispersli RM10 – RM2,5 zarralarni avtomatik o‘lchovchi asbob-uskunalar o‘rnatish,  qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va sanoat korxonalarining chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligini 99,5 foizga yetkazish choralarini ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Qolaversa, daraxtlarning elektron xaritasini yaratish, yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, transport vositalarini ekologik toza energiya manbalariga o‘tkazish, ekologik toza transport vositalarini ko‘paytirish, “Toza havo” tadbirlari samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratish va boshqa muhim vazifalar bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. 

Muhokama yakunida mazkur masalalarni qamrab olgan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Фойдали манбалар