Toshkentda ilk bor “Yosh eko-qahramon” bolalar mukofoti topshirildi
19.
12. 2023
14:58
1800
Янгиликлар

Toshkent shahridagi “Tomosha” bolalar musiqali teatr-studiyasida “Yosh eko-qahramon" bolalar ekologik mukofotining birinchi tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, “ONA” jamoat fondi, “KORZINKA” va “Dafna” tashkilotlari ko‘magida “Qahramonlar vaqti” bolalar ekologik harakati loyihasi tomonidan tashkil etildi.

Ma’lumot uchun, “Yosh eko-qahramon” – “Qahramonlar vaqti” bolalar eko-harakatining har yili beriladigan mukofoti bo‘lib, bolalar va ota-onalarda ekologik ong va madaniyatni shakllantirishga qaratilgan. Eko-harakatning doimiy faoliyati qatoriga foydali eko-ma'ruzalar, ko'ngilochar mashg'ulotlar, ta'lim, chiqindilarni yig'ish va saralashga qaratilgan "Clean games" o'yinlari, daraxt o'tqazish va boshqalar kiradi.

Tadbir doirasida yil davomida ushbu ekoharakat tadbirlarida faol ishtirok etib, tengdoshlari o‘rtasida ekologik odatlarni targ‘ib qilgan bolalarga ekologik pasport, maxsus nishonlar va 12 ta nominatsiya bo‘yicha g'oliblarga sovg'alar topshirildi. Nomzodlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro, Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Surxondaryo viloyatlaridan ikki yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan ekoharakat faollari va kichik tabiat himoyachilari ham bor.

“Yosh avlodni tarbiyalash, ularda to‘g‘ri odat, munosabat va qadriyatlarni shakllantirish Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan eng muhim tashabbuslardan biridir. Biz uchun birinchi navbatda ongli avlodni voyaga yetkazishda ishtirok etish muhim, — dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi Suna Park. — Asosiy o'zgarishlar bolalardan boshlanadi. Agar bolalar atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari kerakligini o'rgansalar, demak, barcha islohotlarimiz va sa’y-harakatlarimizdan ko'zlangan maqsadimizga erishgan bo'lamiz”.

Tadbir dasturida “Tomosha” teatri bolalar ijodiy jamoalari ishtirokidagi ma’rifiy-ko‘ngilochar shou komponentlari, shuningdek, bolalar kitobi muallifi Madina Mo‘minovaning “Qahramonlar davri” bolalar eko-seriyasining uchinchi kitobi – “Anubis Maymunus va g'oyib bo'lgan hayvonlarning arvohlari" taqdimoti bo'lib o'tdi.

"Bugun yoshlarimizning ekologik bilimi va mas'uliyati ortib bormoqda. Ular atrof-muhitni chiqindilardan tozalashga qaratilgan "Clean games" o‘yinlari, plogging va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etib kelishmoqda, — dedi Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi raisi Shirin Obidova. — Qolaversa, tabiatga befarq bo‘lmagan volontyor yoshlar safi ham ortib bormoqda. Keyingi yillarda ham eko-faol yoshlarimiz safini yanada kengaytirish va ekologik muammolarning bartaraf etishga doir turli tashabbuslarni amalga oshirish niyatidamiz".

 

Tadbir davomida o‘zbek estradasi yulduzlari Sevara Nazarxon va Sabina Mustayevaning chiqishlari, maktab yoshidagi bolalar orasidan tanlab olingan eko-faollar ishtirokida shou, “Eko-qahramon” pasporti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

 

Фойдали манбалар