Tabiat rassomlar nigohida: kuzgi plenerda yaratilgan suratlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi
19.
12. 2023
09:56
1616
Янгиликлар

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida “Ekologiya va iqlim o‘zgarishi rassomlar nigohida” ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Badiiy akademiya bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ma’lumot uchun, 28-oktabrdan 7-noyabrga qadar respublika bo‘ylab tabiiy merosimizning badiiy tasvirlarini yaratish, uni asrab-avaylash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan plenerlar tashkil etilgandi. Plenerda mamlakatimizning turli viloyatlari va Toshkent shahridan 30 nafar ijodkor ishtirok etib, 10 kun davomida respublikamizning beshta muhofaza etiladigan tabiiy hududi: Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Quyi Amudaryo biosfera rezervati, Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i va Toshkent viloyatidagi shu nomdagi qoʻriqxona, Samarqand viloyatidagi Zarafshon milliy tabiat bogʻi, Surxondaryo viloyatidagi Xorazm milliy tabiat bogʻi va Surxon davlat qoʻriqxonasi tasvirlarini yaratishdi. 

“Ko‘rgazmada 100 ga yaqin suratlar namoyish etilmoqda. E’tiborlisi, barcha asarlar muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda yaratilgan. Maqsad shunchaki go‘zal tabiat manzaralarini chizish emas, jamoatchilik e'tiborini yurtimiz ekologiyasi, xususan, qo‘riqxonalarni asrash, atrof-muhit muhofazasiga mas’uliyat bilan yondashishga qaratishdir, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Matnazar Elmurodov. — Kelajakda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlashning salbiy oqibatlari va boshqa ekologik muammolarga qaratilgan plenerlar, ko‘rgazmalar o‘tkazishni maqsad qilganmiz”.

Ta’kidlash joizki, plener va ko‘rgazmada taniqli rassomlar bilan bir qatorda yosh iste’dod sohiblari ham ishtirok etdi. Bu esa o’ziga xos tajriba almashish imkonini ham yaratdi.

Plenerni tashkil etishdan maqsad respublikamizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, tasviriy san’at orqali yoshlar ongida mamlakatimizning tabiiy boyliklari – tog‘lar, o‘rmonlar, daryolar, o‘simlik va hayvonot dunyosiga muhabbat va mehr tuyg‘usini shakllantirish, shuningdek, O‘zbekistonning kuzgi tabiatini targ‘ib qilishdan iborat. 

“Oxirgi plenerda guruhimiz Surxondaryoga tashrif buyurdi va O‘zbekistonda kuz faslining go‘zalligini qaytadan kashf etdik. Hududning hali odam qadami yetmagan qo‘riqlanadigan joylarini ko‘zdan kechirdik. 10 kun davomida yaxshi sharoitlarda ijodiy ishlay oldik, yangi kartinalar yaratdik”, - dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Valeriy Yenin.

Bundan tashqari, iste’dodli rassomlarni mamlakatimizning betakror go‘shalarini tasvirlashga jalb etish, chekka hududlarda ham professional rassomlar ijodini namoyish qilish maqsadida muntazam plenerlar tashkil etilmoqda.

Ko‘rgazma 2023-yil 20-dekabrgacha davom etadi.

Фойдали манбалар