“UZstainable tourism”: Yaqin Sharq bilan turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida kelishuvga erishildi
05.
12. 2023
17:30
2083
Янгиликлар

Dubayda COP28 xalqaro iqlim konferensiyasi doirasida “Oʻzbekistonning turizm salohiyati: barqarorlik, yashil kun tartibi va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik” mavzusida forum boʻlib oʻtdi. 

Tadbir innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish uchun ekspertlar, turizm sohasi vakillari, davlat idoralari va ilmiy hamjamiyatlarni birlashtirish, barqarorlikka, yashil kun tartibiga va Yaqin Sharq mintaqasi bilan hamkorlikni kuchaytirishga eʼtibor qaratgan holda Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Forumda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Oʻzbekistonning turizm salohiyatini (“UZstainable tourism”) yanada rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganligini taʼkidladi. 

“Oʻzbekistonda “UZstainable tourism” rivojlanishining bir qismi sifatida uglerod taʼsirini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2022–2030-yillarda Yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasining bir qismi sifatida biz umumiy ishlab chiqarish quvvati 7000 megavattdan ortiq boʻlgan quyosh va shamol stansiyalariga sarmoya kiritdik, — dedi vazir. — Oxirgi besh yilda chiqindilarni qayta ishlash quvvatini 20 foizga oshirdik. 2030-yilgacha qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va utilizatsiya qilish darajasini 100 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz”.

Vazir barqaror yashil turizmga erishish uchun Yaqin Sharq davlatlarining tajribasi juda muhim ekanligini qayd etdi. U Oʻzbekiston Yaqin Sharqdagi doʻstlik va sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashini, tariximiz, madaniy merosimiz, qadriyatlarimizda umumiy aloqalar mavjudligini taʼkidladi.

“Oʻzbekiston 2000-yildan beri Ipak yoʻli sayyohlari uchun sevimli maskanga aylanib kelmoqda, biz mehmondoʻstlik borasida hech kimdan kam emasmiz, — dedi Aziz Abduhakimov. — Qolaversa, bizda 8000 dan ortiq madaniy meros obidalari mavjud boʻlib, ularni YUNESKO bilan yaqin hamkorlikda asrab-avaylash ishlari olib borilmoqda. Bu hamkorlik 2025-yilda Samarqand YUNESKO Bosh Assambleyasiga mezbonlik qilganida yanada rivojlanadi. Mazkur tadbir 40 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida oʻtkaziladi”.

Forum davomida barqaror turizmning global tendensiyalari tahlili, turizmning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, turizm sanoatida ekologik barqarorlikni oshirishning innovatsion usullari, Oʻzbekistonda barqaror turizmni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarga eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, forumda Oʻzbekiston va Yaqin Sharq mamlakatlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda turizmning oʻrni muhim ekanligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, oʻzaro hamkorlik qilishda infratuzilma va sarmoyaning oʻrni, mintaqadan sayyohlarni jalb qilish boʻyicha marketing strategiyalari, turistik yoʻnalishlarni yaratishda innovatsion yondashuvlar lozim ekanligi qayd etildi.

Forum yakunida yangi turistik yoʻnalishlarni yaratish va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan turizm sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida kelishuvga erishildi.

Фойдали манбалар