Toshkentda BMTning boʻlajak iqlim konferensiyasi – COP-28 taqdimoti boʻlib oʻtdi
20.
11. 2023
16:59
2415
Янгиликлар

Poytaxtda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasiga (COP-28) bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir BAAning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda BAAning O‘zbekistondagi elchixonasi Diplomatik missiyasi rahbari o‘rinbosari Muhammad Al Zaheri, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Suna Park, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Akromjon Fozilov, asosiy davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirok etdi. 

Matbuot anjumani OAV vakillari va blogerlarga joriy yilning 30-noyabr – 12-dekabr kunlari BAAda bo‘lib o‘tadigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasini yanada kengroq yoritish uchun COP-28 ni targ‘ib qilish maqsadida tashkillashtirildi.

“Birlashgan Arab Amirliklari har doim iqlim boʻyicha harakatga barcha mamlakatlarga taalluqli boʻlgan global muammoni hal qilishga amaliy hissa qoʻshish, shu bilan birga oʻz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish hamda Net Zero iqtisodiyoti orqali kelajak avlodlar uchun bilim, koʻnikma va ish oʻrinlarini yaratish imkoniyati sifatida qaragan, — dedi tadbirda nutq so‘zlagan Muhammad Al Zaheri. — BAA 2016-yilda Parij kelishuvini imzolagan va ratifikatsiya qilgan, iqtisodiyot miqyosida emissiyalarni kamaytirish majburiyatini olgan va “Net Zero 2050” strategik tashabbusini e’lon qilgan mintaqadagi birinchi davlat hisoblanadi”.

O‘z navbatida Suna Park BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida birdamlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surganini alohida ta’kidladi va O‘zbekistonning global konferensiyadagi ishtiroki haqida gapirdi.

“Iqlim oʻzgarishi va atrof-muhit degradatsiyasi masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlik muhim oʻrin tutadi, chunki Markaziy Osiyo mamlakatlarini ekologik muammolar birlashtiradi. Shu bois O‘zbekistonning bu yilgi iqlim konferensiyasidagi ishtiroki 5 davlatdan iborat yagona “1 mintaqa – 1 ovoz” Markaziy Osiyo pavilyoni doirasida, shuningdek, Prezident tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbusni qo'llab-quvvatlash maqsadida bo‘ladi. Bu qaror Markaziy Osiyo davlatlarining global iqlim platformalarida mavqeyi va ovozini mustahkamlash maqsadida qabul qilindi”, — dedi Suna Park.

Matbuot anjumani davomida Muhammad Al Zaheri BAA raisligida BMT COP-28 iqlim sammiti konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Shuningdek, BAAning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha tashabbuslari, harakatlari va yutuqlari haqida gapirdi. Oʻz navbatida Suna Park Oʻzbekistonning ekologiya sohasidagi yutuqlari, mamlakatning yashil rivojlanish boʻyicha tajribasi va Oʻzbekistonning COP-28dagi boʻlajak ishtirokiga to‘xtalib o‘tdi.

Фойдали манбалар