Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Toshkent viloyatidagi baland tog‘li ko‘llar holati nazorat qilinmoqda
07.
11. 2023
18:48
1994
Янгиликлар

Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi Oygaing va Pskom daryo havzalarida joylashgan Shavirkul va Ixnach (katta, pastki va yuqori) ko‘llari yorilish xavfi mavjud ko‘llar hisoblanadi.  

Mazkur hududlarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasi bilan birgalikda yuqori tog‘ tizimlaridagi ko‘llarning holatini monitoring qilish hamda favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi to‘g‘risida o‘z vaqtida  ogohlantirish maqsadida doimiy kuzatuv ishlarini amalga oshiradi.  

Ma'lumot uchun, Ixnach katta ko‘li, dengiz sathidan 2508 m balandlikda joylashgan bo‘lib, 4,8 mln m3 suv hajmini sig‘dira oladi. Ko‘l yuzasi 0,33 km2, o‘rtacha chuqurligi 14,5 m, uzunligi 1,5 km, o‘rtacha kengligi 216 metrni tashkil etadi. Ixnach pastki ko‘li esa dengiz sathidan 2460 m balandlikda joylashgan bo‘lib, 900 ming m3 suv hajmini sig‘diradi. Ko‘l yuzasi 0,09 km2, o‘rtacha chuqurligi 10 m, uzunligi 0,5 km, o‘rtacha kengligi 170 metrni tashkil etadi. Shavurkul ko‘li dengiz sathidan 2750 m balandlikda joylashgan bo‘lib, 3,8 mln m3 suv hajmini sig‘dira oladi. Ko‘l yuzasi 0,40 km2, o‘rtacha chuqurligi 9,7 m, uzunligi 1,4 km, o‘rtacha kengligi 270 metrni tashkil etadi. 

“Bunday monitoring har yili bir necha bosqichda o‘tkaziladi — birlamchi kuzatish (ko‘lda may-iyun oylarida suv to‘plana boshlagan davrda), asosiy kuzatish (iyul-avgust oylarida ko‘lda maksimal suv to‘planishi davrida) va oxirgi kuzatuv (sentyabr-oktabr oylarida ko‘l bo‘shatilgandan so‘ng)",dedi gidrometeorologik kuzatuvlar boshqarmasi boshlig'i Qahramon Zohidov.


  
Ta'kidlash kerakki, hududdagi Maydontol va Oygaing daryolariga Germaniya texnologiyasi asosida avtomatik suv o‘lchash uskunalari o‘rnatilgan. Bu orqali daryolarning suv sathi doimiy tarzda kuzatib boriladi. Chunki mazkur hududda daryolar qo‘shilib, Pskom daryosini hosil qiladi. Pskom daryosi esa Chorvoq suv omboriga quyiladigan asosiy daryolardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham Maydontol va Pskom daryolaridagi suv hajmini doimiy monitoring qilib borish muhim sanaladi.

Фойдали манбалар