Gruziya bilan atrof-muhit muhofazasi va ekoturizmni rivojlantirish borasida qator kelishuvlarga erishildi
29.
09. 2023
15:47
2026
Янгиликлар

Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston va Gruziya Respublikalari Bosh vazirlari 2023–2024-yillarga moʼljallangan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʼyicha Harakatlar dasturini imzolagan edilar. 

Shunga muvofiq, Gruziya tomonining taklifiga binoan Tbilisida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi delegatsiyasi aʼzolarining Gruziya atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xoʼjaligi vazirligi vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʼyicha tashrifi tashkil etildi.

Tashrif davomida Gruziya tomonining atrof-muhitga taʼsirni baholash, atmosfera havosini va suv resurslarini muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish, ekologik monitoringni amalga oshirish, shuningdek, aylanma iqtisodiyot tamoyilini joriy etish sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlar Yevropa ittifoqining xalqaro standart va normalari asosida qayta ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilganligi maʼlum qilindi. 



Shuningdek, qator uchrashuvlarda Oʼzbekiston tomonining atrof-muhitga taʼsirini baholash, atrof-muhit masalalari boʼyicha qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini taʼminlash, Orxus konvensiyasiga aʼzo boʼlish hamda Orxus markazlari faoliyatini tashkil etishda Gruziya tajribasini oʼrganishga qiziqish katta ekanligi taʼkidlab oʼtildi.

Qolaversa, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish, mazkur hududlarda ekoturizmni rivojlantirish, jumladan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning bufer zonalarida turizm xizmatlarini tashkil etish boʼyicha Gruziya tajribasini oʼrganish borasida maʼlumot almashildi.

Tashrif yakunida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʼyicha anglashuv memorandumi imzolash, kadrlar malakasini oshirish boʼyicha birgalikda oʼquv seminarlari va treninglar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Фойдали манбалар