Toshkentda "Butunjahon tozalik kuni" tadbirlariga start berildi
12.
09. 2023
11:47
2822
Янгиликлар

2023-yilning 16-sentabr kuni respublika bo‘ylab "Butunjahon tozalik kuni" tadbirlariga start berildi.  

10-sentabr kuni Ekologiya vazirligi va "Pokiza insonlar" ko‘ngillilar jamoasi hamkorligida "Toza shahrim" aksiyasi o‘tkazildi.  Aksiya davomida 100 kgga yaqin maishiy chiqindi yig‘ildi.



"Hududni tozalash jarayonida yon-atrofda juda ko‘p chiqindi qutilari o‘rnatilganligiga guvoh bo‘ldik, ammo chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab ketishgan, — dedi Ekologiya vazirligi bosh mutaxassisi Nizomjon Islomov. — Bu shuni anglatadiki, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yanada oshirish lozim. "Obodonlashtirish oyligi"dan ko‘zlangan asosiy maqsadlarimizdan biri ham shu".

"Toshkentda chiqindilar nisbatan yig‘ilib qolgan va boshqa ekologik muammolar mavjud bo‘lgan hududlarni tanlab olganmiz, — dedi "Pokiza insonlar" ko‘ngillilar jamoasi koordinatori, bloger Aqida Hanum. — Oylik doirasida mana shu hududlarni chiqindilardan, daraxtlarni esa turli yoritkichlar, reklama bannerlaridan tozalaymiz. Maqsadimiz jamoatchilik e'tiborini dolzarb ekologik muammolarga qaratish, ekologik madaniyat va mas'uliyatni yanada oshirish".

Ma'lumot uchun, "Pokiza insonlar" ko‘ngillilar jamoasi 2019-yilda obodonlashtirish xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, aholining ekologiya bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish maqsadida tashkil etilgan. Jamoa koordinatori Aqida Hanumning ta'kidlashicha, "pokiza insonlar" deganda atrof-muhit tozaligiga hissa qo‘shayotganlar, obodonlashtirish xodimlari nazarda tutilgan.

Ta'kidlash joizki, Ekologiya vazirligi tashkil topganidan beri boshqa ekologik huquqbuzarliklar bilan bir qatorda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlarini bartaraf etishga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent shahri va viloyati hududida 200 ga yaqin onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda. (https://t.me/ecogovuz/43619) Respublika miqyosida esa 1000 dan ortiq shunday kameralar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu kameralar 380 daraja kuzatish va yon-atrofdagi barcha turdagi ekologik huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlab, chora ko‘rish imkonini beradi.

 Bundan tashqari, tabiatni chiqindilardan tozalash va salomatlikka qaratilgan "UzPlogging" tadbiri doimiy tarzda o‘tkazilmoqda.  

Shu bilan birga, barcha hududlarda zamonaviy chiqindi tashish mashinalari tarqatilmoqda. Aholining shikoyatlarini inobatga olgan holda turar joylardan chiqindi olib ketishning "musiqali usuli" yo‘lga qo‘yildi.  

Qolaversa, respublika bo‘yicha belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlariga qarshi doimiy reyd tadbirlari ham bo‘lib o‘tmoqda. Huquqbuzarlar aniqlanib, qonun doirasida javobgarlikka tortilmoqda. Chiqindilar, xususan, plastik chiqindilarning uzoq muddat chirimasligi, atrof-muhitga katta zarar yetkazishi doimiy tarzda ta'kidlanmoqda. 

Фойдали манбалар