Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi tomonidan suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori bilan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlar (Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Аndijon, Namangan, Fargʼona viloyatlarining ayrim hududlari)da quduqlarni burgʼilash boʼyicha moratoriy eʼlon qilindi. Yer osti suvlariga quduqlarni burgʼilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sugʼorish taqiqlandi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan 2023-yilda sanoat korxonalarida lokal oqova tozalash inshootlari qurish va rekonstruktsiya qilinishini nazoratga olish, tabiiy obyektlarga ifloslangan oqova suvlar tashlanishining salbiy taʼsirini kamaytirish, yirik daryolarning suvni muhofaza qilish zonalarida ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf qilish boʼyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, meʼyoridan ortiqcha ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini hosil qiluvchi korxonalar bilan lokal oqova tozalash inshootlarini qurish yoki rekonstruktsiya qilish boʼyicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Jumladan, Qoraqalpogʼiston Respublikasida 3 ta, Аndijonda 6 ta, Buxoroda 2 ta, Jizzaxda 7 ta, Qashqadaryoda 4 ta, Navoiyda 7 ta, Namanganda 6 ta, Samarqandda 8 ta, Sirdaryoda 8 ta, Surxondaryoda 4 ta, Toshkent viloyatida 13 ta, Xorazmda 4 ta va Toshkent shahrida 7 ta korxonada lokal tozalash inshootlari qayta tiklanmoqda.
Buning natijasida kunlik hosil boʼlayotgan 73,2 ming metr kub yoki yillik 21,9 mln metr kub oqova suvlarning atrof-muhitga tozalanmasdan tashlanishining oldi olinmoqda, ochiq suv havzalaridagi suv sifati yaxshilanmoqda.
Ma’lumot uchun, 2023–2025-yillarda bosqichma-bosqich respublika boʼyicha 34 ta yer usti tabiiy suv obyektlari (daryolar, kichik daryolar va tabiiy koʼllar)ning sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar rejalashtirilgan.