Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
25.
02. 2023
11:40
3854
Янгиликлар

Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov Italiyaning Rim shahrida atrof-muhit va suv resurslari boʻyicha oʻtkazilayotgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi 7-konferensiyasi doirasida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili T.Hakala bilan uchrashuv oʻtkazdi.

T.Hakala A.Abduxakimovni yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, masʼuliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi hamda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama, shuningdek, mintaqaviy formatdagi hamkorligini yanada izchil amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi. 

Joriy yilda “Oʻzbekiston - Yevropa Ittifoqi” va “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” yoʻnalishida bir qator sohalarda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan muhim uchrashuv va tadbirlarda ekologiya va atrof-muhit sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilishi koʻzda tutilgani, shuningdek, Orol dengizining qurishi muammosiga qarshi kurashishda koʻmak berishda davom etilishini qayd etdi.

Oʻzbekiston tomonining ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun Toshkent shahrida Mintaqaviy universitetni tashkil etish tashabbusini yuqori baholadi. 

Yevropa tomoni Oʻzbekistonning 2030-yilgacha metan chiqindilarini 

30 foizga kamaytirishga qaratilgan Global metan majburiyatiga qoʻshilish borasidagi harakatlarini ham yuqori baholab, Oʻzbekistonga bu yoʻnalishda texnik yordam koʻrsatilishini ham maʼlum qildi.

T. Hakala 2024-yilda Yevropa Ittifoqi 2021-2024-yillarga moʻljallangan byudjet sikli doirasida ajratilgan moliyaviy va texnik yordam mablagʻlarini rivojlantirish boʻyicha global tahlil oʻtkazish niyatida ekanligini bildirdi.

Shuningdek, T. Hakala Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillikni saqlash va shahar atrofidagi resurslar, xususan, suv va yer resurslarini boshqarish bilan bogʻliq masalalarni bartaraf qilishdagi mintaqaviy yondashuvini e'tirof etdi.

Uchrashuv yakunida Tabiat resusrlari vaziri A. Abduxakimov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili T. Hakalani joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan BMT Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-yigʻilishi hamda BMT Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14)da ishtirok etishga taklif qildi.

 Tabiat resusrlari vazirligi axborot xizmati

Фойдали манбалар