Tabiat resurslari vazirligi delegatsiyasi Italiya milliy bog‘larining boshqaruv tajribasini o‘rganmoqda
23.
02. 2023
00:03
2585
Янгиликлар

 Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov joriy yilning 23-24-fevral kunlari Italiyaning Rim shahrida atrof-muhit va suv resurslari bo'yicha oʻtkaziladigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi 7-konferensiyasidagi ishtiroki doirasida Abruzzo, Latsio va Molise milliy bogʻida bo'lib, ushbu milliy bog' faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda Milliy bog' prezidenti prof. Giovanni Kannata bilan uchrashdi.

 Ma'lumot o'rnida aytish joizki, mazkur milliy bogʻ 1922-yilda tashkil etilgan boʻlib, umumiy maydoni 496,8 kv. km  va uchta togʻ tizmasini oʻz ichiga oladi, ularning eng kattasi Monti della Meta (2249 m) hisoblanadi.

 Bogʻ noyob hayvonlar turlari, xususan, yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan va maxsus himoyaga olingan apennin qoʻngʻir ayiqlari va Italiya boʻrilarining doimiy yashash makonidir. 

Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi mazkur milliy bogʻ faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida Italiyaning muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ishlarni tashkil etish, milliy bogʻni barqaror boshqarish, yovvoyi tabiatga zarar yetkazmagan holda rekreatsion turizmni rivojlantirish va targʻib qilish  tajribasi yuzasidan maʼlumotlar almashildi.

Tashrif yakunlari bo'yicha Italiyaning bu boradagi ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqqan holda, respublikamizning muhofaza etiladigan tabiiy hududlarini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida italiyalik mutaxassislarning O‘zbekiston Respublikasiga javob tashrifini tashkil etishga kelishildi.

 Eslatib o‘tamiz, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi 7-konferensiyasi ertaga o‘z ishini boshlaydi.

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Фойдали манбалар