Suvni tejash va unumli foydalanish davr talabi
19.
01. 2023
13:00
10129
Янгиликлар

Hozirgi kunda aholi va qishloq xoʻjaligi isteʼmolchilari tomonidan yer osti suvlaridan toʻgʻri va oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish masalasi tobora muammoga aylanib bormoqda. Jahonda yuz berayotgan iqlim oʻzgarishining natijasida mintaqamizda ham suv havzalarining suvsizlanishi, suv sarfining  kamayishi, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish maqsadida yer osti suv manbalaridan ortiqcha  foydalanish bilan bogʻliq antropogen taʼsirlar kuzatilmoqda.

Mamlakatimizda ham suvdan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonuni bu boradagi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.

Hozirda respublikada 97 ta yer osti suv konlari aniqlangan boʻlib, ularning umumiy suv resurslari 63,9 mln. kub m/sutka (umumiy suv resurslarining 25%) tashkil qiladi, shundan shoʻrligi 1 g/l gacha boʻlgan suvlar 25,8 mln kub m/sut (40%)ni tashkil qiladi.

Mаʼlumot uchun: Yer osti suvlari minerallanish darajasiga yoki erigan tuzlarning tarkibiga koʻra 4 turga: chuchuk (1 g/l gacha), kam shoʻrlangan (1-10 g/l), oʻrta shoʻrlangan (10-50 g/l) va yuqori shoʻrlangan (50 g dan yuqori) turlariga boʻlinadi.

Yer osti chuchuk suvlari zaxiralari respublika boʻyicha bir xil tarqalmagan boʻlib, asosan Toshkent viloyatida 28 foiz, Samarqand 14 foiz, Surxondaryo va Namangan 13 foizdan, Andijon – 12 foiz va Fargʻonaga – 8 foiz toʻgʻri keladi va respublika ichimlik suv taʼminotining 67 foizini tashkil etadi.

Shundan, Fargʻona (29,1%), Namangan (13,2%), Qashqadaryo (10,8%), Samarqand (11,5%), Toshkent (10,3%) viloyatlarida yer osti suvlaridan keng foydalanilmoqda.

Yer osti suvlardan asosan qishloq xoʻjaligi va sanoat maqsadlarda keng foydalanilayotgan boʻlib, jami 18,6 mln. kub m/sut yoki 6,8 kub km/yil miqdorida olinmoqda.

Hozirgi yer osti suvlari monitoringi tizimi 1465 kuzatuv quduqlaridan olingan suv namunalarining minerallashuv darajasiga asosan tahlil qilinmoqda.

Atrof-muhit obyektlarining ifloslanishi monitoringiga koʻra, yer osti suvlarining asosiy ifloslantiruvchi moddalari sanoat, qishloq xoʻjaligi va kommunal korxonalar hisoblanadi. Respublikamizning ayrim hududlarida yer usti suv chiqarish tarmoqlari va drenaj tizimlarining qoniqarsiz holati, ayrim shaharlar va boshqa aholi punktlarida yer osti suvlari sathining intensiv koʻtarilishiga olib kelgan.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida 6 ta yer osti suv konlari mavjud boʻlib, ular – Quyi Amudaryo, Qoraqalpoq, Ustyurt, Buzaybay, Toʻrtkoʻl va Janubiy Orolboʻyi artezian yer osti suvlari konlaridan iborat. Bugungi kunda mavjud boʻlgan jami 662 ta ekspluatatsion quduqlar yordamida turli maqsadlar uchun 46,41 ming m3/sut miqdorda suv olinmoqda.

Keyingi yillarda Amudaryoning yer usti oqimining kamayishi va yer usti suvlari sifatining yomonlashishi kuzatilmoqda. Ayniqsa kam suvli davrda yer osti suvlarining minerallashuvi daryoga yaqin linza (yer osti suvlari qatlam)larda
1,3-2,4 g gacha ortib bormoqda. Qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish mintaqaviy ikkilamchi shoʻrlanish jarayonlarining rivojlanishiga sabab boʻlgan. Yer osti suvlarining minerallashuvi 0,6-60,8 g/l oraliqda, asosan sulfat-xlorid-natriyli tuzlar bilan shoʻrlanish kuzatilgan. 

Qoraqalpoq yer osti suv koni hududidagi kanallar suvining kamayishi oqibatida Shumanay tumanida (1/3-son kuzatuv quduqda) yer osti suvlari sathining 1,5-3,5 m gacha pasayishi  hamda mineral tarkib oshishi kuzatilgan 0,7-1,2 g/l ni tashkil etgan.

Ustyurt yer osti suv koni hududidagi “Ustyurtgazkimyo” kompleksida (Aqsholaq uchastkasi) joylashgan 2z-sonli kuzatuv qudugʻida 2019-2021-yillarda yer osti suvlari sathining 1,8 m dan 5,0 m gacha pasayganligi va mineralizatsiyasining 2 g/l dan 8,0 g/l ga koʻtarilgani kuzatilgan.

Yer osti suvlarining kamayishi va ifloslanishini oldini olish borasida nazoratni kuchaytirish va joylarda ekologik nazorat tadbirlari oʻtkazish boʻyicha amaliy ishlar qilinmoqda. Tadbirkorlik  subyektlari tomonidan foydalanishda boʻlgan 3886 ta yer osti quduqlari oʻrganilganda 2299 ta yer osti quduqlar tegishli hujjatlarsiz foydalanib kelinganligi aniqlandi.

Shundan, 2472 ta (QR 11 ta, Buxoro 1226 ta, Jizzax 237 ta, Qashqadaryo 44 ta, Navoiy 310 ta, Namanganda 3 ta, Surxondaryo 438 ta, Sirdaryo 97 ta, Fargʻonada 16 ta, Toshkent viloyatida 90 ta) quduqlar tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmasdan foydalanib kelinayotgani, 760 ta quduqlarga geologik xulosalar olinmaganligi, 801 ta quduqlarga yer osti suvlariga quduq burgʻilashga ruxsatnomalar olinmaganligi, 2237 ta quduqlarda texnik pasporti yoʻqligi, 1578 ta quduqlarga suvdan foydalanish uchun ruxsatnomalar olinmaganligi hamda 112 ta holatda (Jizzaxda 63 ta, Navoiyda 22 ta, Sirdayoda 27 ta) quduq burgʻulashda qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Hozirda aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf qilish, quduqlarni qonuniy rasmiylashtirilishini taʼminlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga qadar 2472 ta tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmasdan foydalanib kelinayotgan quduqlardan 1032 ta quduqlar boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi taʼminlandi.

Qoʻshimcha ravishda xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida suvga, xususan, yer osti suviga boʻlgan ehtiyoji keskin oshib borayotganligini eʼtiborga olib,  geologiya va gidrogeologiya boʻlinmalari tomonidan qoʻshimcha yer osti suv resurslarini aniqlashga hamda yer osti suvlarini monitoringini kuchaytirishga qaratilgan choralar koʻrish maqsadga muvofiq sanaladi.

Yer osti suvlarini muhofazasini kuchaytirish va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish borasida ishlar amalga oshirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-439-son qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash uchun ruxsatnoma berishning amaldagi tartibi bekor qilindi, yer osti suvlarining koʻp yillik oʻrtacha suv sathiga nisbatan solishtirganda 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlar (Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarining ayrim hududlari) boʻyicha yerlarni sugʻorish va ishlab chiqarish maqsadlariga quduqlar burgʻilash uchun moratoriy eʼlon qilinib, yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash, gidrogeologik xulosa berish hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sugʻorish taqiqlandi. Shuningdek, burgʻilovchi subyektlarga oʻz tasarrufidagi burgʻilash uskunalarini GPS-trekerlar bilan jihozlash va ularni doimo ishchi holatda saqlash majburiyati yuklatildi. Inspeksiya tomonidan bunday holatlar aniqlangan taqdirda, burgʻilash uskunalarini musodara qilish boʻyicha sudga murojaat qilish vakolati berildi. Barcha yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga olingan suvlar miqdori haqida hisobot topshirish majburiyati yuklatilib, yer osti suv sathi pasayib ketayotgan hududlarda suvdan oqilona foydalanish va suv sathi kamayishining oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Shuningdek, Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda yangi “Suv kodeksi” loyihasi (ID-73608) ishlab chiqildi. Unga koʻra, yer osti suvlaridan foydalanish sohasidagi vakolatli organlarga qator vazifalar belgilab berilishi koʻzda tutilmoqda.

Tabiat resurslari vazirligi tomonidan yer osti suv manbalarining ifloslanishi va kamayib ketishidan muhofaza qilish maqsadida kelgusida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

1) Yirik sanot korxonalarida hosil boʻladigan oqova suvlarni dastlabki tozalash tizimlari samaradorligini aniqlash hamda takomillashtirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish;

2) Tozalanmagan oqova suvlarning suv havzalariga toʻgʻridan toʻgʻri  tashlanishini oldini olish, yarmiga kamaytirish va dastlabki tozalangan suvlarni qishloq xoʻjaligi maqsadlarida qayta foydalanishni joriy etish;

3) Sanoatda aylanma suv tizimini keng joriy etish hamda  tozalangan suvlarning suv aylanma tizimiga qaytarilishi darajasini 25 foizga yetkazish;

4) Yer osti suvlari sathining pasayishi kuzatilayotgan hududlarda daryo tubini chuqurlashtirish ishlarini cheklash va boshqalar.

Shu bilan birgalikda suv foydalanuvchilari tomonidan suv hisobini yuritilishi borasida Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga taqdim etilishi bilan bogʻliq quyidagi hisobotlarni joriy etish taklif etilmoqda:

1. Suv resurslarining hisob-kitobini aniq yuritish, har oyda hududga kirib kelgan, chiqqan va sarflangan suvni balansini chiqarish. 

2. Suv isrofgorchiligining oldini olish hamda toʻgʻri taqsimlanishiga aniqlik kiritish uchun SMART WATER elektron taqsimlash tizimini keng joriy etish, nazorat organlariga suv hisobi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri olish imkoniyatlar yaratish.

3. Suvdan foydalanuvchilar esa oʻz navbatida Suv xoʻjaligi boʻlimidan ajratilgan cheklangan suv miqdori (limit), maxsus suvdan foydalanish ruxsatnomalari, suv olishga ruxsat talonlari boʻyicha olgan suv miqdorlari haqida har 10 kunda Suv isteʼmolchilari uyushmalari (SIU) bilan hamkorlikda nazoratchilarga tegishli maʼlumotlarni taqdim qilish.

4. Yer osti suv quduqlarini toʻliq elektron suv hisoblash vositalari  bilan jihozlash.  

Bir soʻz bilan aytganda, bugun atrofimizda roʻy berayotgan suv bilan bogʻliq ekologik muammolardan har birimiz tegishli xulosa chiqarib, suvni tejash va isrof qilmaslik tamoyilini kundalik mezonimizga aylantirishimiz zarur. Bugun bizga hayot va zavq ulashayotgan toza ichimlik suvidan kelajak avlod ham bizdek bahra olishi lozim.
 

Suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boshqarmasi

Фойдали манбалар