Oroldagi ekologik holatni yaxshilash va bioxilma-xillikni saqlab qolish masalalari muhokama qilindi
23.
04. 2024
12:51
578
Yangiliklar

22–23-aprel kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligining Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o’zgarishini o’rganish universitetida (“Green University) “Orol dengizi qurishining atrof-muhitga taʼsiri” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o'tdi.

Tadbir “Green University” huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻrmon xoʻjaligi  ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent gidrometeorologiya texnikumi tomonidan tashkil etildi. Unda Ekologiya vaziri o'rinbosari Jusipbek Kazbekov, "Green University" rektori Jasur Salixov, Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Baxtiyor Po‘latov, Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti loyiha rahbari, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy, Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi loyihalarini amalga oshirish agentligi rahbari Vadim Sokolov, xorijlik va mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.

Konferensiyada Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga keladigan muhim ekologik muammolarni hal qilish, xususan, hududda biologik xilma-xillikni saqlab qolish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Xususan, Zinoviy Novitskiy Orol dengizining qurigan tubini qayta tiklashda o'rmon plantatsiyalarining ahamiyati katta ekanligini ta'kidlagan bo'lsa, Vadim Sokolov Janubiy Orolbo'yida suv ekotizimlarining o'zgarishini o'rganish masalalariga e'tibor qaratdi. Shu bilan birga, havoning ifloslanish manbalari va uning odamlarga ta'sirini baholash, Janubiy Orolbo'yida suv ekotizimlarining o'zgarishini o'rganish masalalari ham kun tartibidan o'rin oldi.

Bundan tashqari, tadbirda iqlim o‘zgarishi natijasida Orol dengizidan kelayotgan chang-to‘zonlarning ekin maydonlarga ta'sirini baholash, Orolboʻyi hududida antropogen omillarning geooekologiyaga ta’siri, Orol dengizini qurishidan hosil bo‘lgan maydonlarida ekologik lazer texnologiya yordamida himoya daraxtzorlarni barpo etish, iqlim o'zgarishining Janubiy Orolbo'yi va Qizilqum cho'l hududlarida agrometeorologik sharoitlarga ta'siri kabi mavzular muhokama qilindi. 

Shu bilan birga, Orolbo‘yida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish ko'plab afzalliklarga ega ekanligi qayd etildi.

Konferensiyadan maqsad Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish, hududda biologik xilma-xillikni saqlab qolish, ekotizimlarni qayta tiklashdir.

Foydali manbalar