BAA delegatsiyasi Samarqanddagi tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi
23.
04. 2024
11:13
438
Yangiliklar

Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy boshchiligidagi BAA delegatsiyasi Samarqanddagi bir qancha tarixiy maskanlar, qadamjolarga tashrif buyurdi.

Xususan, delegatsiya vakillari Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir va Xo‘ja Doniyor maqbaralari hamda Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi. Shuningdek, Amir Temur davri va maqbarasi tarixi, Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat rivojiga qaratilgan e'tibor haqida ma'lumot berildi. 

Konigil turizm qishlog‘i, ayniqsa, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerdagi uzoq yillik tarixdan hikoya qiluvchi buyumlar, urf-odatlar, qadriyatlar, milliy liboslar va taomlar delegatsiya vakillarida qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, mehmonlar "Afrosiyob" muzeyi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, "Silk Road Samarkand" turizm markazida ham bo‘lishdi.

BAA delegatsiyasining qadimiy va navqiron Samarqandga tashrifi muhtasham Registon majmuasidagi sayohat bilan yakunlandi.

"O‘zbekistonga tashrifimiz unutilmas bo‘ldi. Sayohatimizni tarixiy Buxoro shahrida boshladik, keyin Samarqandni ziyorat qildik va bu yerda umumiy tariximizni namoyish qiluvchi arxeologik ko‘rgazmaning ochilish marosimida qatnashdik, — dedi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy. — Men barchani ushbu ajoyib mamlakatda sayohat qilishga chaqiraman. O'zbek xalqi bilan uchrashish, tanishish juda ajoyib. Umid qilamanki, yurtingizga yana ko‘p marta kelish nasib qiladi". 

Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi barchani Samarqandda ochilgan ko‘rgazmaga taklif qildi.  

Ma'lumot uchun, delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi davomida Buxoroda ham bo‘lib, bir qancha tarixiy qadamjolarni ziyorat qildi. Qolaversa, Buxoro viloyati hokimligi bilan birodarlik bitimi imzolandi. Bundan tashqari, Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy Samarqandda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyada bo‘lib o‘tgan Sharja amirligining arxeologik topilmalari koʻrgazmasi hamda “Art Station” sanʼat galereyasida “Samarqand — milliy drama teatri beshigi” koʻrgazmasi ochilishida ham qatnashdi.

Foydali manbalar