Samarqandda ko‘chib yuruvchi turlarning holati va ularni saqlab qolish bo‘yicha tavsiyalarga bag‘ishlangan hisobot taqdim etildi
23.
02. 2024
10:42
866
Yangiliklar

CMS COP14 doirasida Samarqandda dunyodagi ko‘chib yuruvchi turlarning holati, ularning hayotiga xatarlarni bartaraf etish va saqlab qolish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi birinchi batafsil hisobot taqdim etildi.

"Dunyodagi ko'chib yuruvchi turlarning holati" hisoboti BMTning Atrof-muhit dasturi Butunjahon tabiatni muhofaza qilish monitoringi markazi (UNEP-WCMC) ekolog olimlari tomonidan "BirdLife International", Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi ("IUCN") va London zoologiya jamiyati (ZSL) mutaxassislari fikrlari asosida tayyorlangan. 

Hisobotda asosiy e'tibor CMS a'zolari tomonidan xalqaro himoyaga muhtoj deb topilgan va Konvensiya ro'yxatiga kiritilgan 1189 turga qaratilgan. Unda, shuningdek, CMSga kiritilmagan 3000 dan ortiq qo'shimcha ko'chib yuruvchi turlar tahlil qilingan.

“Bugungi hisobot shuni ko‘rsatadiki, insonning beqaror faoliyati nafaqat atrof-muhit, balki sayyoramizning murakkab ekotizimlari barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydigan  ko‘chib yuruvchi turlar kelajagiga tahdid solmoqda. Jahon hamjamiyatida ko'chib yuruvchi turlar duch keladigan muammolar haqidagi eng so'nggi ilm-fan yutuqlarini tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan aniq harakatlarga aylantirish imkoniyati mavjud. Ko‘chib yuruvchi hayvonlar uchun vaziyat og‘ir ekanligini inobatga olgan holda kerakli choralarni kechiktira olmaymiz va tavsiyalarni haqiqatga aylantirish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak”, — dedi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Inger Andersen.

Hisobotning asosiy faktlari:

• Ko'chib yuruvchi turlarning deyarli yarmi (44 foizi) soni kamayib bormoqda.
• Konvensiya ro'yxatiga kiritilgan ko'chib yuruvchi hayvonlarning har beshinchi turi yo'qolib ketish xavfi ostida.
• CMS ro'yxatidagi baliqlarning 97 foizi xavf ostida.
• Nafaqat ko‘chib yuruvchi turlarning, balki boshqa turlarning ham yo‘qolib ketish xavfi ortib bormoqda.
• Ko‘chib yuruvchi turlar yashash joylarining yarmi qo'riqlanmaydi va salbiy antropogen ta'sirni boshdan kechirmoqda.
• Haddan tashqari ekspluatatsiya va inson faoliyati tufayli yashash joylarining yo'qolishi ko'chib yuruvchi turlar uchun ikkita eng katta tahdid sifatida tan olingan.
• CMS ro'yxatidagi 4 ta ko‘chib yuruvchi turdan 3 tasi yashash muhitini yo'qotish, degradatsiya va parchalanishdan aziyat chekmoqda;
• CMS ro'yxatidagi 10 ta ko‘chib yuruvchi turdan 7 tasi haddan tashqari ekspluatatsiya qilingan.
• Iqlim o'zgarishi, ifloslanish va invaziv turlar ham ko'chib yuruvchi turlarga katta ta'sir ko'rsatadi.
• 399 ta tahdid ostidagi ko'chib yuruvchi turlar CMS ro'yxatiga kiritilmagan.

“Koʻchib yuruvchi turlarning hayoti oʻziga xos yashash joylariga bogʻliq. Ular doimiy ravishda, ba'zan minglab kilometrlarni bosib o'tadi. Ko‘chib yuruvchi turlar boradigan joylarida juda katta qiyinchilik va tahdidlarga duch kelishadi. Ular chegaralarni kesib o'tganida xavfsiz yashashi ular yashayotgan mamlakatlarning sa'y-harakatlariga bog'liq. Ushbu muhim hisobot ko'chib yuruvchi turlarning butun dunyo bo'ylab rivojlanishini ta'minlash uchun zarur bo'lgan siyosiy harakatlarni qo'llab-quvvatlashga yordam beradi ", — dedi CMS Ijrochi kotibi Emi Frankel.

Ko'chib yuruvchi turlar uchun ko'payish, oziqlanish va yashash joylarini muhofaza qilish bo'yicha yo‘l xaritalarini tuzish hamda tegishli choralar ko'rish asosiy ustuvor vazifalardan biridir. Hisobotda ko'plab turlarning xavotirli vaziyatiga e'tibor qaratish bilan birga, mahalliydan xalqarogacha bo'lgan muvaffaqiyatli siyosiy o'zgarishlar va ijobiy harakatlar misollari keltirilib, populyatsiyalar va umuman turlarning tiklanishi mumkinligini ham ko'rsatadi. Bunga Kiprda qushlarning noqonuniy ov qilinishini 91 foizga qisqartirgan chora-tadbirlar va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan saygʻoqni qayta tiklash boʻyicha Qozogʻistonda amalga oshirilgan saʼy-harakatlarni misol qilib keltirish mumkin.

Foydali manbalar