BAA Qoraqalpog‘istonda yer degradatsiyasiga qarshi kurashda va barqaror qishloq xo‘jaligi tizimini rivojlantirishda yordam beradi
21.
02. 2024
16:46
1047
Yangiliklar

21-fevral kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va BAA Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Aziz Abduhakimov ICBA bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini qayd etdi va vazirlik qoshida Iqlim markazini tashkil etish haqida gapirdi.

"Ekologiya vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi mintaqasi xalqaro innovatsion markazi (IICAS) bilan yer degradatsiyasi, Qoraqalpog‘istonda fermerlar salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgan hamkorlik mustahkamlanib borayotganidan mamnunmiz. Qoraqalpog‘istondagi asosiy muammolardan biri yer degradatsiyasi, iqlim o‘zgarishi bo‘lib, Orol dengizi inqirozi bu tahdidni yanada kuchaytirdi”, — dedi vazir.

Uchrashuvda tomonlar Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi va ICBAning Qoraqalpogʻistonda fermerlarning yer degradatsiyasi bilan bog‘liq iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olish borasidagi imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “Qoraqalpogʻistonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” qoʻshma loyihasini muhokama qildilar. 

Oʻzbekiston tomoni loyiha doirasida GEN bankini yaratish, qishloq xoʻjaligi ekinlarining qurgʻoqchilik va suvga chidamli turlarini yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, mahalliy IICAS xodimlari uchun treninglar olib borish, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlashga eʼtibor qaratdi. 

Ma’lumot uchun: Umumiy qiymati 1,09 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish va mintaqada barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan qadamdir. Uni amalga oshirish natijasida Qoraqalpog‘istonda iqlimga chidamli, biosho‘r va integratsiyalashgan modulli dehqonchilik tizimini joriy etiladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish, agrobiznesda qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish hisobidan 5 ming fermer va dehqon xo‘jaliklarini ko‘paytirish, iqlimga chidamli ekinlarni yaratish va fermerlar ehtiyojlarini qondirish uchun ilg‘or boshqaruv tajribasi va kompleks ishlab chiqarish modellarini o‘rgatish, dehqon dala maktablarini yaratish imkonini yaratadi.

Uchrashuvda tomonlar BMTning Dubaydagi COP28 va Samarqanddagi COP14 global tadbirlarini muhokama qildilar. Vazir, shuningdek, ICBA bosh direktorini joriy yilning aprel oyida boʻlib oʻtadigan birinchi Samarqand iqlim forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Foydali manbalar