Afsonaviy pista daraxti: uning qanday siri bor?
21.
01. 2022
12:57
4822
Yangiliklar

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Xo‘ja Pista bobo ziyoratgohi tabarruk maskanlardan biri hisoblanadi.

Qadim Nursux qishlog‘idagi 60 gektarlik mazkur ziyoratgoh bir necha asrlik tarixga ega.

Ziyoratgoh o‘rtasida 1200 yillik har yili 2 xil meva tugadigan afsonaviy pista daraxti bor. Xalq orasida bu mo‘‘jizaviy daraxt haqida turli afsona va rivoyatlar keng tarqalgan. Unga qaraganda, islom dini rivojiga katta hissa qo‘shgan uch nafar aka-uka avliyolar Makka va Madina shahridan yo‘lga chiqib, bir qo‘llarida pista, birida yong‘oq daraxtidan tayyorlangan hassa bilan shu ziyoratgohda to‘xtagan. Hassalarini quruq yerga suqib qo‘yishgach, undan mana shu pista va yong‘oq daraxti deyarli bitta daraxt tanasi bo‘lib unib chiqqan.

Pista daraxtining barglari yapaloq, uzunchoqsimon bo‘lib, ko‘proq yong‘oq daraxti bargiga o‘xshab ketadi, bo‘yi 2-3 metr, butasimon, tomiridan bir nechta shoxchalar hosil qilib, eniga shoxlab ketgan. Ajablanarli tomoni shundaki, daraxtning ildizi 10-15 metrgacha bo‘lib, ko‘proq yomg‘ir suvi hamda yer osti suvlari orqali tabiiy sug‘oriladi. Farg‘ona nabototining durdonasi bo‘lmish ushbu daraxt o‘z turi bo‘yicha yagona sanaladi. Ikki yuz yoshli pista daraxti yonida o‘sha davrdan buyon zirk daraxti ham yonma-yon o‘sib turibdi.

Xo‘ja Pista bobo qabristoni maqbarasi hamda mazkur afsonaviy pista daraxti mahalliy turistik markaz sifatida ziyoratchilarni o‘ziga jalb etadi. Bu yerga boshqa viloyatlardan sayohatchilar, mahalliy aholi yil davomida, ayniqsa, erta bahor – pista gullagan paytda ziyorat qilgani tashrif buyuradi. Mazkur ziyoratgohda uch mashhur valiy – Xoja Hasan Nuriy, Hazrat Said Kamol ota va Sulton pesh bobolar mangu qo‘nim topgan.

Hozirgi kunda, pista daraxti Farg‘ona viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan muhofaza qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilib, asrab kelinmoqda.


M.Sulaymonov, O‘zA

Manba: https://uza.uz/uz/posts/afsonaviy-...

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar