Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha Harakatlar rejasi imzolandi
23.
04. 2024
15:07
1683
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi raisi Lyu Yuy va XXR ishbilarmonlar hamjamiyati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yashil texnologiya loyihalarini ishlab chiqish, maishiy va qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, ekoturizm va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilib, o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Xususan, chiqindilar, suv resurslarini boshqarish, atmosfera havosining ifloslanishiga oid texnik yondashuvlarni ko‘rib chiqish, keyingi yillar uchun texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, dasturni amalga oshirish va loyihalarni muvofiqlashtirish uchun mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, kompaniyalar o‘rtasida shartnomalar imzolash yuzasidan fikr almashildi.

Qolaversa, cho‘l hududlarini obodonlashtirish, ko‘chat ekish bo‘yicha fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, shahar tizimida innovatsion texnologiyalarni o‘rnatish va oqava suvlarni tozalash bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish masalalariga e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ekologiya vazirligi va Xitoy tadbirkorlarining O‘zbekistondagi uyushmasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi imzolandi. 

Ma'lumot uchun, Harakatlar rejasi doirasida chiqindilarni yoqish zavodini qurish, yuqori texnologiyali sanoat parki, yashil va kam uglerodli sanoat (ekosanoat parki) yaratish, asosiy ifloslantiruvchi korxonalar uchun onlayn ekologik monitoring tizimini joriy etish, chiqindi suvlar, chiqindilar, qattiq maishiy chiqindilarni tozalash uskunalari, yashil tadqiqotlar va ishlanmalar sohasida hamkorlik qilish, cho'llanishga qarshi kurashish va yashil zonalarni yaratish bo'yicha ilg'or tajribalar bilan bilim va tajriba almashish va boshqa qator tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Фойдали манбалар