Respublikamizning yana 5 ta hududida chiqindi xizmatlari uchun yagona to’lov ta’riflari belgilandi
18.
04. 2024
16:39
2081
Янгиликлар

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qarshi shahrida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari tasdiqlandi. 

Bu davlatimiz rahbarining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirildi. 

Unga ko‘ra, quyidagi to’lov miqdorlari belgilandi:

- Qoraqalpog‘iston Respublikasida jismoniy shaxslar uchun oyiga 4 032 so‘m (QQS bilan), yuridik shaxslarga esa 1 m³ uchun 72 240 so‘m (QQS bilan);

- Jizzax viloyatining jami 13 ta shahar va tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 6 000 so‘m, yuridik shaxslarga esa 1 m³ uchun (QQSsiz) 60 000 so‘m va 1 tonna uchun (QQSsiz) 135 420 so‘m;

- Sirdaryo viloyatida bo‘yicha aholi uchun 4 000 so‘m hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQS bilan) 81 ming so‘m;

- Surxondaryo viloyatining jami 15 ta shahar va tumanida aholi uchun 1 kishiga oylik 4 500 so‘m hamda yuridik shaxslarga esa 1 m³ uchun (QQSsiz) 70 000 so‘m;

- Qarshi shahrida aholi uchun 6 160 so‘m (QQS bilan) hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQS bilan) 89 600 so‘m.

Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusiga ko‘ra Xalq deputatlari hududlar Kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan belgilangan mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, hozirda respublikamizning boshqa hududlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda. Avvalroq Toshkent shahri hamda Buxoro, Namangan, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilangan edi.

Фойдали манбалар