Samarqandda Sharja amirligining arxeologik topilmalari koʻrgazmasi ochildi
18.
04. 2024
15:28
2470
Янгиликлар

18-aprel - "Xalqaro yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash kuni" munosabati bilan Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi Art-Rezidensiyada Sharja amirligining arxeologik topilmalari koʻrgazmasi ochildi. 

Ochilish marosimida BAA Sharja amirligi Hukumati ijrochi raisi Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Sharja arxeologiya boshqarmasi bosh direktori Eyza Yusuf, BAAning O’zbekistondagi va O’zbekistonning BAAdagi elchixonalari, Chxunchxon-Pukto provinsiyasi (Janubiy Koreya) gubernatori, Samarqand viloyati hokimligi, BAA delegatsiyasi vakillari, mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda nutq soʻzlagan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov koʻrgazmaning ochilishi ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

“Sharja qadimiy tarixga ega. Bu hududda koʻplab eksponatlar topilgan. Ahamiyatli tomoni shundaki, bu topilmalarning 80 foizi ilk bor Oʻzbekistonda koʻrgazmaga qoʻyildi, — dedi vazir. — Koʻrgazmadan Arabiston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlar tarixi hamda Sharja Amirligining neolit davridan Islomgacha boʻlgan davriga oid 170 dan ortiq arxeologik topilmalar oʻrin olgan”. 

Ochilish marosimida nutq soʻzlagan Shayx Fahim ibn Sulton Ol Qosimiy esa Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining tarixi, madaniyati bir-biriga juda yaqin ekanligini qayd etdi.

“Sharja amirligi arxeologik topilmalari koʻrgazmasining aynan Oʻzbekistonda ochilgani oʻziga xos ahamiyatga ega. Negaki ikki davlatning madaniyati, tarixi, eʼtiqodi mushtarak”, — dedi  u.


Maʼlumot uchun, Sharjadagi Mleyxa arxeologik yodgorligida saroy, istehkomlar, uylar va insonlar hamda hayvonlar qabrlari topilgan. Topilmalarning umumiy maydoni 3 kmga choʻzilgan. Mleyxadan uzoq boʻlmagan hududda esa arxeologlar oltin, kumush, bronza, temir, fil suyagi, alebastr, shisha va boshqalardan yasalgan, bezatilgan buyumlar ham topilgan. Bu buyumlarda qadimgi Misr, Yunon, Rim, Parfiya, Oʻrta Osiyo, Hindiston madaniyati izlarini koʻrish mumkin.

Koʻrgazma 22-maygacha davom etadi.

Фойдали манбалар