O‘zbekiston Yaponiyaning muhofaza etiladigan tabiiy hududlar borasidagi tajribasini o‘zlashtiradi
18.
04. 2024
10:56
1952
Янгиликлар

17-aprel kuni Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti rahbari Zokir Rahimov va JICA (Japan International Cooperation Agency — Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) ning O‘zbekistondagi vakili Vakui Akiko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda O‘zbekistondagi milliy tabiat bog‘larida barqaror ekoturizmni rivojlantirish to‘g‘risidagi loyihalar ko‘rib chiqildi. Xususan, Zomin milliy tabiat bog‘ida yapon uslubidagi ekoturistik zonalari, tashrif markazlari (visit center) hamda hayvonlar uchun valerlarni tashkillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

“Yaponiya tajribasini o‘rganish biz uchun muhim. Bu ekoturizm hamda ichki turizmni yanada rivojlantirishga imkon beradi, — dedi Zokir Rahimov. — Biz, shuningdek, mahalliy va xorijlik sayyohlarga O‘zbekiston milliy tabiat bog‘larining flora va fauna dunyosini yanada tanitishni maqsad qilganmiz”.

Muzokaralardan maqsad milliy tabiat bog‘larida ekoturistik zonalarni tashkil etishda Yaponiya tajribasidan foydalanish uchun yaponiyalik mutaxassislarni loyihaga jalb qilish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar xodimlarini tajriba almashish maqsadida Yaponiyaga malaka oshirishga yuborish, ikki davlat o'rtasidagi hamda Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti va JICA o‘rtasida doimiy yaqin hamkorlikni o‘rnatishdan iborat.

“O‘zbekiston tabiati juda go‘zal, ayniqsa, Samarqanddagi tabiiy maskanlar menda o‘zgacha taassurot qoldirgan. Zomin milliy tabiat bog‘i haqida ham ko‘p eshitganman. Bu yerda ekoturizm zonalarini tashkil etish, turizmni rivojlantirish, albatta, biz uchun ham muhim, ham qiziqarlidir”, – dedi Vakui Akiko.

Uchrashuv yakunida yaponiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilish va METH xodimlarini Yaponiyaga malaka oshirish uchun yuborish, o‘zaro tajriba almashish borasida kelishuvga erishildi.

Фойдали манбалар