Isfayramsoy, Shohimardonsoy va Zarafshon daryo havzalarida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq transchegaraviy xavflarni baholash jarayoni boshlandi
15.
04. 2024
16:14
2357
Янгиликлар

15-aprel kuni Toshkent shahrida transchegaraviy daryo havzalarida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarni baholash bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida “Markaziy Osiyoda iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlarni boshqarish” mintaqaviy loyihasi doirasida o‘tkazildi. Seminarda Ekologiya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Milliy iqlim markazi, tadqiqot markazlari va nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. 

"Bugungi seminarda xorijlik mutaxassislar bilan birga nafaqat iqlim xavflarini o‘rganish, balki ularning salbiy oqibatlarini yumshatishga ham e'tibor qaratildi. Bu borada birlamchi natijalar asosida qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Maqsadimiz bu chora-tadbirlarni nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida amaliyotga tatbiq qilish, bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdir", — dedi Ekologiya vazirligi Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Hasan Boboyev.

Tadbir davomida tanlangan transchegaraviy suv havzalarida iqlim o’zgarishi bilan bog’liq xavf-xatarlarni bartaraf etish bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish, ochiq muloqot va konstruktiv fikr almashinuvini osonlashtirish orqali iqlim o’zgarishi bilan bog’liq xavf-xatarlarni tahlil qilishda aniq va bir-biriga mos strategiyani ishlab chiqish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. 

“Biz uchta asosiy komponent bo‘yicha ishlaymiz:  iqlim xavflarini baholashda, iqlim xavflarini kamaytirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirishda yordam beramiz, shuningdek, gidrometeorologiya xizmatlari va 5 ta davlatning Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda suv bilan bog'liq favqulodda vaziyatlar va ofatlarni oldindan baholashni takomillashtirish ustida ishlaymiz”, — dedi “Markaziy Osiyoda iqlim risklarini boshqarish” loyihasi menejeri Sergey Makarov.

Ma’lumot uchun, baholash O'zbekiston va Qirg’iziston hududidan oqib o’tuvchi Isfayramsoy va Shohimardonsoy, O'zbekiston va Tojikiston hududidan oqib o’tuvchi Zarafshon daryo havzalari miqyosida olib boriladi. Shuningdek, ushbu tadqiqotda Qirg’iziston va Qozog'iston hududidan oqib o’tuvchi Chon-Kemin-Chu hamda Turkmanistonda joylashgan Murg'ob daryolari ham qamrab olinadi. Ushbu daryolarni tanlashda havzaning suv hajmi, daryo havzasi bilan bog’liq tabiiy turdagi favqulodda vaziyatlar xavfi, gidrologik va meteorologik stansiyalar mavjudligi mezonlari inobatga olingan. 


 
Iqlim xavflarini baholash — bu iqlim o'zgarishlarining inson, iqtisodiyot va atrof-muhitga salbiy ta’sirini tahlil qilish jarayonidir. Ushbu jarayon turli metodlar va asboblar yordamida amalga oshiriladi, bu esa iqlim o'zgarishlarining odamlar hayoti va ekosistemalarga qanday ta'sir qilishi mumkinligini tushunishga yordam beradi. 

“Markaziy Osiyoda iqlim bilan bog’liq xavf-xatarlarni boshqarish” mintaqaviy loyihasi mintaqa mamlakatlarining o’zaro hamkorligini muvofiqlashtirishga qaratilgan loyiha bo’lib, bilim va tajriba almashish, gidrologik ofatlar uchun mintaqaviy erta ogohlantirish tarmog'ini yaratish va iqlim xavflarini baholashga xizmat qiladi.

Фойдали манбалар