Mintaqadagi eng yaxshi ekologik mehmonxona va ekologik sayyohlik klasteri taqdirlandi
07.
03. 2024
12:14
2149
Янгиликлар

Toshkentda “III O‘zbekiston milliy mehmondo‘stlik mukofoti” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda har tomonlama qulayliklar yaratilgan turli toifadagi eng yaxshi joylashtirish vositalari taqdirlandi.

“Besh-olti oy davomida yurtimizdagi barcha mehmonxonalarni, joylashtirish vositalarini borib o‘rgandik. G‘oliblarni tanlashda mijiozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar, sanitariya-gigiyena qoidalariga qanchalik amal qilinganligi, yaratilgan shart-sharoitlar va boshqa muhim jihatlarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, joylashtirish vositalarining eng kichik xodimlari, restoranlarini yuritayotgan xodimlar, menejerlar, oshpazlar, dizaynerlar, savdo direktorlari ham tanlab olindi, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, hakamlar hay’ati a’zosi Muhayyo Hayitova. — Bu kabi tadbirlar, albatta, boshqa joylashtirish vositalarini ham eng yaxshi bo‘lishga undaydi. Bu esa mamlakatimizning turistik jozibadorligini, mehmondo'stlik sohasidagi xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi”.

Marosimda boshqa nominatsiyalar qatori ekologik standartlarga amal qilib kelayotgan joylashtirish vositalari ham taqdirlandi. Xususan, “Mercure Bukhara Old Town” mehmonxonasi “Mintaqadagi eng yaxshi ekologik mehmonxona”, “Bukhara Desert Oasis and SPA” klasteri esa “Eng yaxshi ekologik sayyohlik klasteri” deb topildi.  “Mercure Bukhara Old Town” mehmonxonasi bosh menejeri Rajab Klimanzade O‘zbekistonda ekologik turizmni rivojlantirishga, xususan, joylashtirish vositalarida sayyohlar uchun ekologik standartlarni joriy qilish, atrof-muhit tozaligiga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.

“Mehmonxonamizda bir martalik plastik idishlardan to‘liq voz kechilgan. Ayni damda faqat ekologik toza va biologik parchalanadigan mahsulotlarni ishlatamiz,dedi  Rajab Klimanzade. — Shuningdek, chiqindilarni tarqatish va ularni qayta ishlash uchun maxsus qutilardan foydalanamiz. Mehmonlar uchun esa maxsus ekotransport yo‘lga qo‘yilgan. Qayd etish joizki, “Accor” brendining barcha mehmonxonalarida faqat ekologik toza mahsulotlardan foydalanish joriy qilingan”. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy mehmondo‘stlik mukofoti mehmondo'stlik sohasidagi birinchi yirik loyiha va mehmonxona sanoatidagi yangi mukofot bo'lib, u har yili turli toifadagi eng yaxshi joylashtirish vositalariga taqdim etiladi. Loyiha mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligini oshirish, ichki va jahon bozorlarida joylashtirish vositalarining raqobatbardoshligini kuchaytirish, xalqaro turizm bozorida O'zbekistonning ijobiy imidjini shakllantirishga xizmat qiladi.















Фойдали манбалар