Markaziy Osiyo mamlakatlari va YXHT ekologiya vazirlari vazirlari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar
06.
03. 2024
10:26
2611
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 4-mart kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda bo‘lib o‘tgan YXHT Bosh kotibi va Markaziy Osiyo davlatlari ekologiya vazirlarining oliy darajadagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ch.Babaniyozov, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari N.Sharbiyev, Qirg‘iziston Respublikasi tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vaziri M.Turg‘unboyev, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi B. Sheralizoda, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. Abduhakimov, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirliklari va idoralarining boshqa vakillari, YXHTning Markaziy Osiyodagi vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Oliy darajadagi uchrashuvda YXHT va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi tashkilot vakolatiga kiruvchi atrof-muhitni muhofaza qilish va xavfsizlikka oid keng koʻlamli masalalar boʻyicha hamkorlik muhokama qilindi. Bularga transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, energiya xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, atrof-muhitni boshqarish, shuningdek, gender tengligi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishida ayollarning mazmunli ishtirokini rag‘batlantirish kiradi.

Tadbir davomida vazirlar tomonidan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, N.Sharbiyev 2026-yilda Qozog‘istonda iqlim bo‘yicha harakatlar bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish uchun mintaqaviy ekologik sammit o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. M.Turg‘unboyev COP29 doirasida tog‘li mamlakatlar guruhini tuzish va gender masalalari bo‘yicha qo‘shma tadbir tashkil etishni taklif qildi. B.Sheralizoda yig‘ilganlarga Tojikiston tashabbusi bilan 2025-yil “Xalqaro muzliklarni saqlash yili” deb e’lon qilingani, shuningdek, Muzliklarni asrash xalqaro trast fondi tashkil etilgani haqida ma’lumot berdi va xalqaro donorlarni bunga hissa qo‘shishga chaqirdi. Ch.Babaniyozov esa Iqlim texnologiyalari mintaqaviy markazi tashabbusi haqida ma’lum qildi va YXHTning iqlimga chidamli texnologiyalar bo‘yicha forumini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

O‘z navbatida Aziz Abduhakimov mintaqaviy iqlim monitoringi markazi hamda chang va qum bo‘ronlari bo‘yicha mintaqaviy platformani tashkil etish, Markaziy Osiyoni eng yuqori darajaga ko‘tarish uchun Global Gateway dasturi doirasida yaqin hamkorlik, O‘zbekistonda tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) negizida magistratura yoki doktoranturada o‘qish uchun eng ko‘zga ko‘ringan nomzodlar uchun YXHTning maxsus stipendiyasini ta’sis etish, YTTB bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Markaziy Osiyo uchun ko‘p sheriklik maxsus ekologik jamg‘armasi faoliyatida YXHTning ishtiroki kabi qator tashabbuslarni ilgari surdi.

YXHT Bosh kotibi Xelga Mariya Shmid o‘z nutqida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Xususan, u hamkorlikning bir qator yo‘nalishlarini, jumladan, iqlimga chidamli energiyaga o‘tish, ekologik ofatlar xavfini kamaytirish uchun javobgarlik darajasini kuchaytirish, suv xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va Markaziy Osiyoning tog‘li hududlarida xavfsizlik rejasini amalga oshirish va iqlim bo'yicha muzokaralarda hamda ekologik siyosat qarorlarini qabul qilishda ayollar imkoniyatlarini kengaytirishni qayd etdi. 2024-yilda Ozarbayjonning Boku shahrida bo'lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 29-tomonlar konferensiyasida (COP-29) “Ayollar va suv resurslari” mavzusida forum o‘tkazish va “Markaziy Osiyo ayollari” pavilyonini ochish taklif etildi.

Turkmanistonga tashrif doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston tovarlari va xizmatlari koʻrgazmasining ochilishida, Turkmaniston-Afgʻoniston biznes forumida ham ishtirok etdi.

Tashrif yakunlari boʻyicha YXHT bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi masalalari boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish hamda BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasi va uning yordamchi organlari tadbirlarida ishtirok etish uchun Markaziy Osiyo muzokaralar guruhini tuzish masalasini ilgari surish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar mintaqa imkoniyatlarini xalqaro maydonda namoyish etish samaradorligi va xalqaro muzokaralarning potensial natijalarini maksimal darajada oshiradi.

Фойдали манбалар