“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida UNESCO kafedrasi tashkil qilinadi
01.
03. 2024
15:15
4366
Янгиликлар

Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida UNESCOning “Ipak yoʻli boʻylab barqaror meros turizmi” kafedrasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. 

UNESCO Bosh direktori Odri Azule va “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov bu haqdagi shartnomani imzolashdi. 

“Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar oʻz samarasini bermoqda. Xususan, 2018-yilda tashkil etilgan “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti dunyo hamjamiyatining eʼtiborini jalb qilmoqda. Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023-yilda Samarqandda Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida UNWTO tematik ofisi hamda Xalqaro turizm akademiyasi ochildi. Universitetda UNESCO kafedrasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi esa biz uchun katta yutuq hisoblanadi. Oʻz navbatida bu yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan tashabbuslarga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuksak eʼtirof hisoblanadi. Oʻz navbatida universitetda tahsil olayotgan talabalar ham bu ijobiy oʻzgarishlardan unumli foydalanib, turizm sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshadigan kadrga aylana olishlariga ishonaman”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Kafedrani tashkil etishdan maqsad tadqiqot, taʼlimning yaxlit tizimini shakllantirish, shuningdek, jamoatchilikni jalb qilish va oʻzaro muloqotni rivojlantirishdan iborat. Shu bilan birga, xorijlik mutaxassislar, tadqiqotchilar va “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti oʻqituvchilari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantiradi va mustahkamlaydi. 

UNESCO kafedrasining vazifalari quyidagilardan iborat:

— Markaziy Osiyoda madaniy meros va xilma-xillikni saqlash hamda targʻib qilishni kuchaytirish;
— madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish va bundan turizmni rivojlantirishda foydalanish;
— Oʻzbekistonda turizm qishloqlari va turizm observatoriyalarini rivojlantirish;
— qashshoqlikni qisqartirish va xotin-qizlarning imkoniyatlarini oshirishni qoʻllab-quvvatlash; 
— UNESCO, boshqa UNESCO kafedralari va UNITWIN tarmoqlari bilan tegishli dasturlar va tadbirlar boʻyicha yaqindan hamkorlik qilish.

Maʼlumot uchun, UNESCOʻning universitetlararo hamkorlik boʻyicha rasmiy tarmogʻi (UNITWIN) bir nechta davlatlarda ochilgan UNESCO kafedralari va universitet tarmoqlaridan iborat.

Xodimlar, tadqiqotchilar va talabalardan iborat kafedra jamoasi  ilmiy taraqqiyot, bilim va taʼlimni rivojlantirishni maqsad qilgan 10 000 dan ortiq akademiklar va tadqiqotchilardan iborat guruhga qoʻshilishadi. Bu ularga tajriba va malaka oshirish imkonini beradi.

Фойдали манбалар