3-mart “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni” hisoblanadi. Shu kuni butun dunyoda tabiatni muhofaza qilishga e’tibor qaratiladi.
Xususan, yurtimizda ham Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 31-maydagi 171-son qaror ijrosini ta’minlash hamda yovvoyi tabiatni asrash maqsadida qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Jumladan, 3-mart kuni soat 11:00 da Toshkent hayvonot bog‘ida aholi va yoshlar o‘rtasida yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar turlari bo‘yicha davra suhbatlari va aksiyalar tashkil etiladi.
Shuningdek, respublikamizning barcha hududlarida yovvoyi tabiatni asrash va undan foydalanish madaniyati bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil etiladi, infografika, videoroliklar tayyorlanadi, ta’lim dargohlarida mutaxassislar ishtirokida targ‘ibot-tushuntirish ishlari tashkil etiladi. Qolaversa, xususiy hayvonot bog‘lariga bolalarning bepul tashriflari uyushtiriladi.
Hurmatli yurtdoshlar! “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni” tadbirlarida faol ishtirok etib, tabiatni asrashga o‘z hissangizni qo‘shing.
Ma’lumot uchun, 2013-yil 20-dekabrda BMT tomonidan yovvoyi tabiat muammolaridan xabardorlikni oshirish maqsadida 3-mart “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni” deb e’lon qilingan.