O‘zbekistonda 6 ta transchegaraviy muhofaza hududini barpo etish masalasi muhokama qilindi
16.
02. 2024
18:09
2601
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Jahon bankining Atrof-muhit, tabiiy resurslar va moviy iqtisodiyot boʻyicha global direktori Valeriye Hiskey bilan uchrashdi. Uchrashuvda barqaror yashil iqlim borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Valeriye Hiskey Jahon banki ilk marotaba ko’chib yuruvchi turlarni muhofaza qilishga bag’ishlangan konvensiyada ishtirok etayotganligini va Samarqandga kelganidan juda mamnunligini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarning yoʻqolib ketayotgan turlarini qayta tiklash borasida muhim ishlar qilinayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, uchrashuvda chiqindilarni boshqarish sohasida olib borilayotgan islohotlar alohida qayd etildi. 

“O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish sohasiga katta e’tibor qaratilyapti. Bu esa maqsadlarimiz mushtarak ekanligini anglatadi, — dedi Valeriye Hiskey. — Bundan tashqari, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish va ularni saralash, sohadagi tadbirkorlar va ishchilarning ham davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi bizni O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizdan xursand qiladi”.

O‘z navbatida Aziz Abduhakimov mamlakatimizda soha oldiga qoʻyilgan maqsadlar, xususan, chiqindilarni boshqarish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, aylanma iqtisodiyotni tatbiq etish va “nol chiqindi” tamoyilining muhimligi haqida soʻz yuritdi.

“Endi chiqindilar iqtisodiyotning qimmatli resursiga aylanadi. Biz har tomonlama manfaatli bo‘lgan yashil jamiyat qurishni maqsad qilganmiz”, — dedi vazir.

Uchrashuv davomida 6 ta transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlarni barpo etishga qaratilgan loyiha muhokama qilindi. Bu loyiha noyob turdagi hayvonlarni qoʻriqlash, asrash bilan birga ekoturizmni rivojlantirishga ham katta hissa qoʻshadi.

Yakunda chiqindi sohasida yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish, sohaga Jahon banki tomonidan investitsiyalarni olib kirish hamda grantlar ajratilishi borasida oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Фойдали манбалар