Oʻzbek mediasi vakillari Xitoyning energetikaga oid tajribasini oʻrganishmoqda
05.
02. 2024
09:46
2154
Янгиликлар

Yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Energetika vazirligi va uning tizim tashkilotlari matbuot kotiblarining Xitoyga press-turi tashkil etildi. Tadbirda, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Ekologiya vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda. 

Prezident topshirigʻiga muvofiq tashkil etilgan press-tur qatnashchilari XXRning Pekin, Sian va Chendu shaharlaridagi energetika tizimi korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishishmoqda. 

Birinchi obyekt Pekin shahridagi “China Energy International Co. LTD” korporatsiyasi boʻlib, u 2011-yilda tashkil etilgan. Uning dunyodagi 140 davlatida faoliyat koʻrsatuvchi boʻlinmasida 100 mingdan ziyod xodim ishlaydi. Umumiy aktivi - 154 mlrd. AQSH dollari. 

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bugunga qadar kompaniya tomonidan umumiy 1060 GVt quvvatli 300 dan ortiq loyiha yoʻlga qoʻyilgan. 

Oʻzbekistonlik jurnalist va matbuot kotiblari kompaniyaning elektr stansiyalarini loyihalashtirish, qurish hamda ularga xizmat koʻrsatishga doir tajribasi bilan tanishishdi. Shu bilan birga, ularga issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalari qatorida quyosh, shamol va atom elektr stansiyalari kabi “yashil” energetika manbalarini qurish va saqlash borasidagi imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. 

Qayd etilishicha, “China Energy International Co. LTD” Oʻzbekistonning bir necha hududida qayta tiklanuvchi energiya manbalari yoʻnalishida umumiy qiymati 2 mlrd. 450 mln dollarga teng loyihalarni amalga oshirmoqda. 

Jumladan, kompaniya Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishida bosh pudratchi sifatida ishtirok etayotgan boʻlsa, Kattaqoʻrgʻon tumanida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya hisobiga energiyasamarador sement zavodini ishga tushirdi. Bundan tashqari, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida quvvati 500 MVt boʻlgan ikki quyosh elektr stansiyasini qurmoqda. 

Ushbu stansiyalarning dastlabki quvvati 2023-yilning 27-dekabrida umumiy tarmoqqa ulandi va bugunga kelib Oʻzbekiston energetika tarmogʻiga ekologik toza “yashil” energiya yetkazib bermoqda. 

Shu bilan birga, Navoiy viloyatida quvvati 600 MVt boʻlgan gibrid elektr stansiyasini (quyosh, shamol va elektr energiyasini saqlash tizimi) qurish loyihasini amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent, Fargʻona, Andijon hamda Namangan viloyatlari hududida 8 ta elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish loyihasi roʻyobga chiqarilyapti.

Press-turdan Xitoy Xalq Respublikasi energetika tizimi, unda qoʻllanilayotgan ilgʻor texnologiyalar hamda raqamlashtirish jarayoni bilan tanishish maqsad qilingan.

 

Фойдали манбалар