"Green University" faoliyatini rivojlantirish va targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi
17.
01. 2024
18:13
2703
Янгиликлар

Ekologiya vazirligida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Green University") hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakillari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda Ekologiya vaziri A.Abduhakimov, vazir maslahatchisi S.Park, universitet rektori J.Salixov va rektorning o‘quv ishlari bo‘yicha maslahatchisi, professor X.Puran ishtirok etdi.

Uchrashuvda 2024-yil fevral oyida bakalavriat (taʼsis yili) va magistratura taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha birinchi oʻquv semestrini boshlashga tayyorgarlik koʻrayotgan "Green University"ni rivojlantirish va targʻib qilish boʻyicha kelgusidagi hamkorlik istiqbollariga e'tibor qaratildi.

Shuningdek, universitetning o‘quv bazasini tizimli rivojlantirish, jumladan, mavjud dasturlar va professor-o‘qituvchilar tarkibini, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash sohasidagi qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Rektor J.Salixov ta’lim komponentini ishlab chiqishda innovatsion yondashuv muhim ekanligini, bunda ta’lim sohasidagi xalqaro ekspertlar muhim rol o‘ynishini alohida ta’kidladi. Xususan, ekologiya sohasida olim va muhandis, britaniyalik professor Puran universitet uchun ilg‘or jahon tajribasiga asoslangan, milliy va mintaqaviy kontekstlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘z ichiga olgan noyob akademik dasturlarni ishlab chiqdi. 

Hozirgi kunda universitet ma'muriyati hamkorlik uchun Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, AQSh va boshqa davlatlar xalqaro universitetlarining turli professorlarini faol jalb etmoqda.

Yig‘ilishda talabalarning chet tillarini akademik va ilmiy yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratgan holda o‘rganishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, universitet hududida kutubxona fondini shakllantirish orqali ochiq akademik resurslar ma'lumotlar bazasini rivojlantirish va mavjud akademik dasturlarni raqamlashtirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.

O‘z navbatida, Ekologiya vaziri A.Abduhakimov qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur resurslar bilan ta'minlashga tayyorligini bildirdi. Tomonlar ushbu hamkorlik atrof-muhit va iqlimshunoslik sohasida innovatsion yutuqlarga olib kelishi, shuningdek, sohada malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, rektor J.Solihov taklif etilgan yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirokida turli dolzarb ekologik mavzularda “Yashil muloqot-2024” bepul va barcha uchun ochiq ma’ruzalar turkumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. 

Ma'lumot uchun, 2024-yil yanvar oyida ushbu turkum doirasida ikkita ma'ruza o'tkazish rejalashtirilgan edi, ulardan biri muvaffaqiyatli o'tkazildi.

Фойдали манбалар