Prezident farmoni: chiqindilarning ekologiyaga salbiy ta’siri kamaytiriladi
06.
01. 2024
16:36
4381
Янгиликлар

Yurtimizda chiqindi sohasini isloh qilish, bu borada aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurash borasida izchil va samarali islohotlar olib borilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni esa bu borada yangi davrni boshlab beradigan qadamga aylandi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mazkur farmonning imzolanishi uzoq vaqt kutilgan, juda muhim yangilik bo‘lganini ta’kidladi:

“Asosiy maqsad aholiga ko‘rsatiladigan maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar sifatini yanada yaxshilash. Shuningdek, chiqindi sohasidagi xizmatlar darajasini xalqaro standartlarga yetkazish, hosil bo’layotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish, chiqindilarning poligonlarda to’planishiga yo’l qo’ymaslik, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta’sirni minimallashtirish, “nol chiqindi” tamoyiliga erishish va boshqa vazifalar ham belgilab berilgan. Ushbu farmon iqlim o‘zgarishi bilan bogliq ekologik muammolar kuchayib borayotgan bugun davr uchun juda muhimdir”.

Farmonga ko‘ra, chiqindi sohasini yanada takomillashtirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish maqsadida qator ishlar amalga oshiriladi. 

Xususan, “Xavfsiz shahar” integratsiyalashgan tizimi doirasida kameralar orqali ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash tizimi joriy qilinadi. Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etadigan tadbirkorlik subyektlariga ekologik huquqbuzarliklarni ham foto va videoga olish hamda davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar qilish huquqi beriladi. 

Aholiga o‘z tashabbusi bilan chiqindixonalarga aylangan yoki doimiy tarzda chiqindilar noqonuniy tashlab ketiladigan hududlarda o’z mablag’lari hisobidan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish imkoni beriladi. Bunda huquqbuzarlikni aniqlab, xabar berganlar jarima miqdorining 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag’batlantiriladi.

Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish hamda ushbu ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan xom-ashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish jazosini kengaytirish, chiqindilar to‘plash maydonchalari va ularning qo‘riqlanmaydigan (modulli) inshootlaridan chiqindilarni noqonuniy ravishda to‘plash va olib chiqib ketish uchun ma’muriy javobgarlik kiritiladi.

Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda bino-inshootlar qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish va bu vaqtda atrof-muhitga zarar yetkazganlik, shu jumladan, ekinlarga, ormonlarga, daraxtlarga yoki boshqa osimliklarga qasddan shikast yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

"Aholining turmush tarzi rivojlanib borgani sari chiqindilar ham ortib boradi. Agar ular vaqtida tozalanmasa, utilizatsiya qilinmasa, jiddiy salbiy oqibatlarga olib keladi. Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon esa bu salbiy ta'sirlarning oldini olishga zamin yaratadi, — dedi "Zero Waste" korxonasi bo‘lim boshlig‘i Sobir Mashrabov. — Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari va aholi o‘rtasida chiqindi sohasidagi munosabatlarni togri shakllantirishga xizmat qiladi".

2024-yildan boshlab har yili sanitar tozalash xizmatlari uchun to‘lovning eng kam stavkalari qayta ko’rib chiqiladi. Shu bilan birga, aholiga yagona elektron tizimga (qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi) ulangan holda xizmat ko‘rsatiladi. 

2024–2028-yillarda investitsiyalarni jalb qilish orqali har bir hududda chiqindilarni qayta ishlash, muqobil energiya hamda organik oʻgʻit ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar amalga oshiriladi. Yiliga 2,8 mln tonna chiqindidan 2 ming mVt muqobil energiya ishlab chiqarish, 1,3 mln tonna chiqindidan kompost usulida 1,1 mln tonna organik oʻgʻit ishlab chiqarish hamda 14 ta chiqindilarni qayta ishlash zavodlarini ishga tushirish boʻyicha koʻrsatkichlar belgilanmoqda.

Shuningdek, hujjatga asosan: 

— Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxati va ularning belgilari tasdiqlab boriladi;

— chiqindilarni qayta ishlashni yoki ekologik xavfsiz tarzda utilizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga “yashil subsidiya”lar ajratiladi;

chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig‘iladi. Buning uchun aholi maxsus chiqindi paketlari bilan bepul ta’minlanadi. Qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yigish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinadi;

— 2030-yildan qayta ishlashga, termik usulda muqobil energiya ishlab chiqarishga yaroqli chiqindilarni maishiy chiqindi poligonlariga joylashtirish taqiqlanadi.

"Chiqindilarni saralamaslik, xususan, maishiy chiqindilar bilan tibbiyot chiqindilarini aralashtirgan holda poligonlarga tashlash turli kasalliklarning keng tarqalishiga sabab bo'lishi va boshqa jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Prezidentimizning yangi farmonida esa aynan chiqindilarni saralash sohasiga alohida e'tibor qaratilgan, — dedi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi xodimi Rustam Tursunov. — Qolaversa, chiqindilarni qayta ishlash hajmini kengaytirish lozimligi ta'kidlangan. Chunki bu biz shunchaki tashlab yuboradigan chiqindilarni foydali mahsulotga aylantiradi. Qolaversa, atrof-muhitni ifloslantirishning oldini oladi".

Ta’kidlash joizki, aholiga qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish, turistik jozibadorlikni oshirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga jamoat joylari, ijtimoiy obyektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish huquqi beriladi. Bunda sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi. 

Farmonga ko‘ra, Ekologiya vazirligi huzurida Ekosanitariya jamg‘armasi tashkil etiladi. Maqsad sanitar tozalash sohasida favqulodda xatarlarning oldini olish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdir. 

Bundan tashqari, har yili eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqatli xizmat ko’rsatgan sanitar tozalash korxonalari xodimlari uchun “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi hamda ulardan 100 nafarining davlat OTMlariga to‘lov-kontrakt asosida oqishga kirgan farzandlari yoki nevaralarining kontrakti Ekologiya jamgarmasi hisobidan toliq tolab beriladi.

Фойдали манбалар