O‘zbekistondagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda
19.
12. 2023
17:35
1665
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda (METH) bioxilma-xillikni saqlash va yovvoyi hayvonlarning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha biotexnik ishlar olib borilmoqda. Maqsad hayvonlarni qishki sovuqdan asrash, ularni ichimlik suvi va oziq-ovqat bilan ta’minlashdir.

Ayni paytda mamlakatimizning bir qancha qo‘riqlanadigan hududlarida, jumladan, Samarqand viloyatidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Jizzax viloyatidagi Zomin davlat qo‘riqxonasi, Surxondaryo viloyatidagi Yuqori-To‘palang milliy tabiat bog‘ida biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati xodimlari qish mavsumining izg‘irinli sovuq kunlarida qo‘riqxona hududidagi Buxoro bug‘ularini qo‘shimcha ozuqa bilan ta’minlash maqsadida biotexnik ishlarni amalga oshirishmoqda.

Ma’lumot uchun, avvalroq bunday tadbirlar Surxon va Qizilqum qo‘riqxonalarida ham o‘tkazilgandi.

Zarafshon qo‘riqxonasida ham Buxoro bug‘ulari uchun sharoitni yaxshilash ishlari olib borildi. Shuningdek, Zomin tabiat qo‘riqxonasi hududida qishda qorli sharoitda oziq-ovqat izlaydigan hayvonlarning yashash muhitini muhofaza qilish, saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha biotexnik tadbirlar amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Andijon viloyatida viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul xizmati, Milliy gvardiya hamda Ovchi va baliqchilar sport birlashmasi  viloyat bo‘limi hamkorligida Oʻzbekistonda yovvoyi hayvonlarni qutqarish va ularni oziq-ovqat bilan taʼminlash boʻyicha biotexnika tadbiri tashkil etildi.

Фойдали манбалар