Qattiq maishiy chiqindi sohasidagi xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi
27.
11. 2023
16:52
6730
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari belgilandi. 

Bu “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlar ijrosini ta'minlash, sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholining daromadi va turmush darajasini inobatga holda amalga oshirildi.

Ta'kidlash joizki, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlillariga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida to‘lov tariflariga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi asosiy omillar, xususan, ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati hamda kommunal xizmatlar, jumladan, elektr energiyasi, ichimlik va oqova suvi narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravarga, dizel yoqilg‘isi esa 2 baravarga oshgan. Biroq Respublikada qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2-4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagan. Bu esa sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, ularning 2022-yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketishiga olib kelgan.

Yangi ta'rifga ko‘ra, Toshkent viloyatining jami 22 ta shahar va tumanlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4400 so‘m (yuridik shaxslar uchun 61 000 (68 320 QQS bilan) so‘m) to‘lov miqdori;

Samarqand shahri va Samarqand tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 5000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 90 000 so‘m (QQS bilan), viloyatning boshqa tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4129 so‘m, yuridik shaxslar uchun 59 693 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori;

Farg‘ona viloyati shaharlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 5000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m, tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4000 so‘m va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m to‘lov miqdori;

Andijon viloyatining jami 16 ta shahar va tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 3500 so‘m va yuridik shaxslar uchun esa 47 500 so‘m (QQS bilan) to‘lov miqdori belgilandi.

Ma'lumot uchun, respublikaning boshqa viloyatlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Фойдали манбалар