Ichan qalʼa, “Yashil makon”, tarixiy obidalar: BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Xorazmga tashrif buyurdi
22.
11. 2023
16:43
1715
Янгиликлар

BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, choʻllanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. 

BMTning choʻllanish toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida tashkil etilgan tashrif davomida yuqori martabali mehmon “Ichan-qalʼa” tarixiy majmuasida boʻldi. Uzoq yillik shonli tarix, milliy anʼanalar, qadimiy koʻrinish va qadriyatlarga boy hayot tarzini saqlab qolgan “Ichan qalʼa” Ibrohim Tiauda chuqur taassurot qoldirdi.

Shuningdek, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari  Xorazmda qurgʻoqchilik va choʻllanishga qarshi olib borilayotgan ishlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Qolaversa, mehmonlar tomonidan daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

Maʼlumot uchun, “Yashil makon” doirasida Xorazm viloyatida 2023-yil kuz mavsumida 5 mln 168 ming dona koʻchat ekildi. Shuningdek, 2022–2024-yillarda jami 123,8 gektar “Yashil bogʻ”lar barpo etilishi belgilangan. Joriy koʻchat ekish mavsumida “Yashil bogʻ” hududlariga jami 1647 dona koʻchat oʻtqaziladi.

Qolaversa, 2024-yilga qadar viloyat hududida jami 144,85 gektar hududda “Yashil jamoat parklari” barpo etiladi. Bugungi kunda “Yashil jamoat parklari” hududlarida jami 8 ming 995 tup koʻchat ekildi. Bundan tashqari, atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha I- va II-toifaga kiruvchi sanoat korxonalari hududida 37 ming 400 tup koʻchat oʻtqazildi. Shu bilan birga, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Xorazm viloyatida “Ekologiya vazirligi bogʻi” tashkil etiladi. Hududda jami 567 tup tuproq-iqlim sharoitga mos koʻchat turlari, jumladan, 146 tup jiyda,104 tup yapon saforasi, 33 tup tut, 83 tup qayragʻoch va 201 tup atirgul  koʻchatlari ekiladi.

 

 

Фойдали манбалар