IHT chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
15.
11. 2023
17:19
2520
Янгиликлар

BMT Konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi o‘rinbosari Husayn Avni Bichakli bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida H.Bichakli O‘zbekiston hukumatiga joriy yilning 8–9-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u oxirgi 5 yil ichida O‘zbekistonning faol rolini alohida qayd etdi.

Uchrashuv davomida ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi hamkorlik masalalari, xususan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) negizida IHT davlatlarining ekologiya sohasidagi ilmiy hamjamiyatlari oʻrtasida yaqin aloqalarni oʻrnatish masalalariga e'tibor qaratildi. 

Shu bilan birga, tomonlar “Green University” va IHT davlatlarining Boku shahridagi (Ozarbayjon) Toza energiya markazi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror energiya va atrof-muhit tamoyillarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. 

IHT Bosh kotibi oʻrinbosari Oʻzbekiston bilan IHT mamlakatlari oʻrtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik rivojlanib borayotganligini qayd etdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilishda IHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi haqidagi tashabbusi hamda 2024-yilda boʻlib oʻtadigan Samarqand iqlim forumi doirasida Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan IHTning Atrof-muhit masalalari boʻyicha yuqori darajali platformasining birinchi konferensiyasini oʻtkazish taklifi ma’qullandi. 

Bundan tashqari, Husayn Avni Bichakli tashkilot Oʻzbekiston rahbari tomonidan IHT 16-sammitida ilgari surilgan CRIC-21 doirasida qum va chang boʻronlariga qarshi kurashish boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini ishlab chiqish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidladi. 

Uchrashuv yakunida IHT Bosh kotibining Samarqand iqlim forumida ishtirok etishi va IHT davlatlarining yuqori darajadagi vakillari ishtiroki masalasini birgalikda ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Фойдали манбалар