BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvnensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida Samarqandda “CRIC-21 yashil bogʻi” barpo qilindi.
Tadbirda BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash boʻyicha Konvensiya ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda xorijiy delegatsiyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida “CRIC-21 yashil bogʻi”da 1000 tup daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Ma'lumot uchun, bog' hududi 2,5 gektarga teng bo'lib, aholi uchun xizmat qiladigan jamoatchilik bog'iga aylantiriladi.
Taʼkidlash joizki, daraxtga ehtirom va uning ramziyligi koʻhna oʻzbek anʼanalaridan biridir. Moddiy va nomoddiy madaniy merosimizga nazar tashlar ekanmiz, jamiyat va tabiat oʻrtasidagi munosabatlar koʻp hollarda aynan daraxt ramzi bilan ifodalanishiga guvoh boʻlishimiz mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan "Yashil makon" umummilliy loyihasi bugun anʼanaga aylandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi, vazirlik huzuridagi O'rmon xo'jaligi agentligi va hamkor tashkilotlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimiz boʻylab daraxt koʻchatlari oʻtqazilmoqda.
Xususan, ushbu loyiha boshlanganidan beri oʻtgan 2 yilda uy-joy massivlarida 1 ming 200 gektardan ortiq yashil bogʻ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi.
Joriy yilda esa 25-oktyabrdan 1-dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” eʼlon qilindi, uning doirasida 85 million tup koʻchat ekish rejalashtirilgan.
Qolaversa, oʻrmon xoʻjaliklarida 5 million dona daraxt ekish, chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbogʻ” yaratish, dala chetlarida 20 million tup terak, tut va uzum ekish, bogʻcha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 3,5 millionta koʻchat ekish, Orolning qurigan tubida 100 ming gektarda “yashil qoplama”larni barpo etish koʻzda tutilgan.