“Yashil” an’ana: UNFF rahbari va Ekologiya vaziri "Green University" hududida daraxt ekishdi
11.
11. 2023
04:27
2050
Янгиликлар

BMT Bosh kotibi yordamchisi, tashkilotning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Forumi Kotibiyati (UNFF) direktori doktor Juliette Biao 8-9-noyabr kunlari O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo'ldi. 

Yuqori martabali mehmon  Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Toshkent viloyati “Darxon” ilmiy-tajriba stansiyasi (“Dendropark”) hududidagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti ("Green University")ning yangi kampusiga tashrif buyurdi. Eslatib o‘tamiz, universitet 2023-yil may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Tashrif chog‘ida Biao xonim yaqin kelajakda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markazga aylanadigan universitetning yangi zamonaviy binosida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.



Ma’lumot uchun, doktor Juliette Biao Afrika, Lotin Amerikasi va Kanadada xalqaro o‘rmonlarni rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha 32 yillik katta tajribaga ega. UNFFga qo'shilishdan oldin u olti yildan ortiq vaqt davomida Keniyaning Nayrobidagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo'yicha dasturida (UNEP) Afrika bo'yicha mintaqaviy vakil sifatida ishlagan. U, shuningdek, Benin (G'arbiy Afrika) atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

Yuqori martabali mehmon Toshkent shahrida ekologiya sohasida birinchi mintaqaviy universitetni tashkil etish tashabbusini ijobiy baholadi va universitet nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat qilishiga, balki butun dunyodan kelgan barcha qiziquvchilar uchun ochiq bo‘lishiga umid bildirdi. Biao xonim, shuningdek, Hub and Spoke innovatsion ta’lim modeli va yashil jamoat joylari qurilishidagi ekologik toza yondashuvni yuqori baholadi. 

Tashrifdan so‘ng “ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilish belgisi sifatida” Aziz Abduhakimov va J.Biao xonim "Green University" hududidagi bog‘da daraxt ekishdi.

Ma'lumot uchun, avvalroq Juliette Biao Aziz Abduhakimov bilan uchrashib, O‘zbekistonda o‘rmonzorlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish sohasini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgandi.

Фойдали манбалар