BMT Bosh kotibining o'rinbosari CRIC-21 kun tartibi haqida gapirdi
13.
10. 2023
15:39
2145
Янгиликлар

10-oktabr kuni Samarqandda Choʻllanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasi 21-sessiyasini o'tkazish to'g'risida bitim imzolandi. Hujjatni BMT Bosh kotibining o'rinbosari, cho'llanish va qurg'oqchilikka qarshi kurash bo'yicha Konvensiyaning ijrochi kotibi Ibrohim Tiav hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov imzolashdi.

Shartnoma imzolanishi va xalqaro tadbir o'tkaziladigan joy haqida Ibrohim Tiav qisqacha intervyu berdi.

"Biz O'zbekiston Respublikasi va BMTning cho'llanishga qarshi kurash bo'yicha Konvensiyasi o'rtasida Samarqandda Konvensiya yordamchi organining yigirma birinchi sessiyasini o'tkazish to'g'risida bitim imzoladik. Ma'lumki, har bir Konvensiyada tomonlar konferensiyasi, shuningdek, yordamchi organ mavjud. Bizning holatda, bu har ikki yilda bir marta yig'iladigan konvensiyani ko'rib chiqish qo'mitasidir.

Bu yil butun dunyo Samarqandda birlashadi. Noyabr oyida Konvensiyaning 197 ishtirokchisi, shu jumladan, 196 hukumat va Yevropa Ittifoqi yer, suv, qurg'oqchilik va ularning mamlakatlar jamiyati, iqtisodiyoti va ekologiyasiga ta'siri bilan bog'liq masalalarni muhokama qiladi.

Vaziyatning murakkabligi shundaki, yer yuzida yashovchi 8 milliard aholi to'g'ri ovqatlanish, uy-joy, kiyim-kechak va munosib yashash uchun zarur sharoitlarga muhtoj. Ammo shu bilan birga, ushbu sharoitlarni yaratib, biz yer yuzi va atrof-muhitni yer aholisi hayoti uchun himoya qilishimiz kerak.

Biz mezbon mamlakat bilan imzolagan bitim ushbu tadbirni qonuniy ravishda amalga oshirishga imkon beradi. O'zbekiston ushbu tadbirga mezbonlik qilishga rozi bo'lganidan va dunyodagi eng muhim kapital – tabiiy resurslarni boshqarish uchun dunyo mamlakatlari o'rtasidagi muloqot va ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantiruvchi mamlakat sifatida muhim rol o'ynashidan juda xursandmiz".

Shuningdek, BMT Bosh kotibining o'rinbosari tadbirning maqsadi haqida gapirdi.

"Ushbu yig'ilish barcha tomonlar yig'ilib, mintaqaviy muammolarni muhokama qiladigan global uchrashuvdir. Shuningdek, bu Samarqandda tajriba va bilim almashish uchun yaxshi imkoniyat bo'ladi.

Barchamizga ma’lumki, bu yerda O'zbekistonda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash bo'yicha tajriba bor, biroq ayni paytda jiddiy muammolar ham mavjud, ulardan biri — Orol dengizining qurishi qum va chang bo'ronlarini keltirib chiqardi. Shunday qilib, biz bajarilgan ishlarni sarhisob qilamiz va xatolarni qayta ko'rib chiqish hamda yerni tiklash uchun muhim qadam tashlaymiz.
Har yili oziq-ovqat, hayvonlar uchun ozuqa ishlab chiqarish va tabiatdan oladigan boshqa ehtiyojlar uchun 100 million gektar yerni yo'qotamiz. Tabiat endi bu muvozanatni saqlay olmaydi. Ushbu konferensiyani o'tkazayotgan O'zbekiston kelgusi 20-30 yil ichida sog'lom iqtisodiyot, sog'lom odamlar o'rtasida muvozanatni saqlash va shu bilan birga sog'lom ekotizimlarga ega bo'lish uchun qanday qilib oldinga siljish haqida o'ylash uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo'lishi mumkin".

Bundan tashqari, Ibrohim Tiav yashil investitsiyalar, O'zbekistonning tashabbuslari, ekologiyada ta'limning ahamiyati va tadbir kun tartibidagi asosiy muammo haqida so'z yuritdi.

 

Фойдали манбалар