Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan vazirlik tizimidagi Turizm qo‘mitasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi koʻmagida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga press-tur uyushtirildi.
Press-turda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, tur-operatorlar ishtirok etdi va ular hududning turizm salohiyati, xususan, Ellikqalʼa tumanidagi “Aqchakoʻl” turistik-rekreatsion hududi bilan tanishishdi.
“Aqchakoʻl” Prezidentimizning tashabbusi bilan turistik-rekreatsion hudud sifatida belgilab berilganidan keyin bu yerda juda katta koʻlamdagi ishlar amalga oshirildi. Mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda, — dedi Ellikqalʼa tumani hokimi Seydamat Avezov. — Koʻl hududi 3000 tonnaga yaqin chiqindidan tozalandi, yoʻllar, elektr energiya tizimi yaxshilandi, oʻtovlar, xostellar qurildi. Plyaj futboli, veloyoʻlaklar tashkil qilingan. Ayni damda imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun ham sharoitlar yaratmoqdamiz“.
class="img-responsive" />
Taʼkidlash joizki, ”Aqchakoʻl“ning hududi 6000 gektarga teng boʻlib, xostellar va oʻtovlar qurilgan. Xostellar 80 kishiga, oʻtovlar esa 40 kishiga moʻljallangan. Shuningdek, barcha standartlarga toʻliq javob beradigan 5 yulduzli mehmonxona hamda 10 ta villa tez orada sayyohlar xizmatiga tayyor boʻladi.
Qayd etish kerakki, sayyohlar kunduzi betakror tabiat, bepoyon suv havzasi ham tarixiy obidalarni tomosha qilishsa, kechqurun ular uchun folklorlar, qadimiy oʻyinlar va milliy qoʻshiqlardan iborat konsert dasturlari taqdim etiladi. Shuningdek, xorijlik sayyohlar uchun milliy qadriyatlarga asoslangan turli marosimlar, sunnat toʻylari oʻtkaziladi. Bu, albatta, sayyohlarni befarq qoldirayotgani yo'q. Xususan, oʻtgan davr mobaynida ”Aqchakoʻl“ga 50 000 nafarga yaqin sayyoh tashrif buyurdi.
”Aqchakoʻl“da mavsumning istalgan vaqtida dam olish mumkin. Masalan, qishda baliq ovlash yo‘lga qo‘yilgan. Buning oʻziga xosligi shundaki, qishda Aqchakoʻlning yarmi 30-40 santimetrgacha muzlaydi. Sayyohlar esa ana shu muzlikni yorib, baliq ovlashlari mumkin. Buning zavqi oʻzgacha boʻladi, — dedi "Tuproqqalʼa tur" MJCH taʼsischisi Oybek Jumaboyev. — Bundan tashqari, bu yerga yosh sayyohlarni ham koʻproq jalb qilish harakatidamiz. Aynan yoshlarga moʻljallangan turli sport oʻyinlari tashkil qilingan. Qolaversa, hududda 50 000 oʻringa moʻljallangan ippodrom qurish harakatidamiz”.
Qayd etish kerakki, “Aqchakoʻl”da sayyohlar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bir zum toʻxtagani yoʻq. Maqsad turistlar eʼtiborini koʻproq jalb qilish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, nafaqat “Aqchakoʻl”, balki Qoraqalpogʻiston Respublikasining turistik salohiyatini yanada namoyish etishdir.