Maqsad sayyohlar sonini oshirish: Buxoroda turizmning barcha turlari rivojlanmoqda
28.
09. 2023
11:28
2539
Янгиликлар

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, vazirlik tasarrufidagi Turizm qo‘mitasi tomonidan Buxoro viloyati, Romitan tumani, Marziya MFYda joylashgan “BUKHARA DESERT OASIS & SPA” ekoturizm maskaniga press-tur tashkil etildi. 



Ma’lumot uchun, 16–20-oktabr kunlari Samarqand Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Аssambleyasining yubiley 25-sessiyasiga mezbonlik qiladi. Bu, tabiiyki, yurtimizga kelayotgan turistlar sonining yanada oshishini taʼminlaydi. “BUKHARA DESERT OASIS & SPA” ekoturizm obyekti esa xorijiy turistlarni yanada o‘ziga jalb qiladi.
“BUKHARA DESERT OASIS & SPA” ekoturizm maskani 2020-yil mart oyida ishga tushirilgan bo‘lib, hududi 8 gektarga teng. Obyekt mahalliy va xorijiy sayyohlarga turistik xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan, yiliga 24 000 nafar xorijiy sayyoh va 270 000 nafar mahalliy sayyohlarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda hozirda 100 o‘rindan iborat 14 ta o‘tov mavjud.



Shuningdek, turizm obyektida 50 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan va 30 xildan ortiq turistik xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. 
Ta’kidlash joizki, ekoturizm maskani turizmning bir nechta yo‘nalishlarini qamrab olgan. 



Ekologik turizm — Buxoro vohasining Qizilqum mintaqasida joylashgan ushbu hududda qum barxanlari va saksovulzorlarning ajoyib manzarasi bag‘rida ot va tuyalarda sayohat qilish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, yo‘ltanlamas avtotransport vositalarida (jip, kvadratsikl) maxsus trassalar bo‘ylab sayohat xizmatlari tashkil etilgan. Cho‘l hududida 30 gektar maydonda mevali daraxtlardan iborat bog‘ yaratilgan va kelgusida tejamkor tomchilab sug‘orish tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yer ostida qurilgan issiqxonada turistik markaz uchun barcha kerakli poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. 

Tibbiyot turizmi — zamonaviy o‘tovlar, suv havzasi — “plyaj”, kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilgan tarixiy-zamonaviy mehmonxona hamda “Spa” sog‘lomlashtirish markazida issiq suv, yod va loy bilan davolash hamda quyosh nurlaridan samarali foydalanish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. 

Gastronomik turizm — “Аmir” restorani, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, tarixni o‘zida zamonaviy namoyon qilgan 700 o‘rinli “Shotyor Emira” restorani, ochiq havoda dam olishga xizmat qiladigan 3000 o‘rinli “Karvon Saroy” maydoni, 35 000 o‘ringa mo‘ljallangan “Varaxsho” restorani va “Sari degi” deb nomlangan turli tematikaga mo‘ljallangan ovqatlanish nuqtalarida har xil millatga mansub mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun restoran xizmatlari tashkil etilgan. Mehmonlar uchun tayyorlanadigan barcha turdagi ovqatlarga qo‘shiladigan kerakli poliz va go‘sht mahsulotlari turistik klasterning o‘zida yetishtiriladi va barchasi ekologik toza hisoblanadi. 



Ekstremal turizm — cho‘lda jip va kvadrotsikllar yordamida sayr qilish, parashyutdan sakrash, ot va tuya poygalari kabi sayyohlarni qiziqtiruvchi bir qator xizmatlar mavjud. Аyniqsa, parashyutdan sakrash va kvadratsiklda sayohat turistlarga haqiqiy adrenalin bag‘ishlaydi.

Аrxeologik turizm — moziyga sayr qilishni istagan mehmonlar uchun XVI asrga oid “Bo‘rontepa” yodgorligidagi arxeologik izlanishlar natijasida shakllangan shahar qoldiqlari mavjud. Ushbu yodgorlik o‘zbek davlatchiligining asoslari yaratilgan qadim Baqtriya davridan toki XVI-XVII asrgacha Ipak yo‘lida joylashgan muhim markazlardan biri hisoblangan. Turistik markazda alohida muzey burchagi tashkil etilgan bo‘lib, tarixiy yodgorliklar qoldiqlarini o‘rganuvchi sayyohlar uchun sharoitlar yaratilgan. 

Sport turizmi — mahalliy va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalari, milliy xalq o‘yinlari (boks, kurash, ko‘pkari, qo‘chqor urishtirish, sakrab tep, arqon tortish) o‘tkazish imkoniyatiga ega maxsus sahna, maydon, tomosha uchun sharoitlar mavjud. Hozirgi kunga qadar bir necha marotaba turli milliy xalq sport o‘yinlari tashkil etib kelinmoqda.



 

Ov turizmi — 4,5 gektar maydonda baliq havzasida yil bo‘yi sayyohlar baliq ovlab, o‘zlari o‘sha joyning o‘zida pishirib isteʼmol qilishlari mumkin.

Mice turizmi — turistik obyektda mahalliy va xorijiy miqyosdagi turli konferentsiya va festivallar hamda tadbirlar o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Jumladan, joriy yilning sentabr oyida sayyohlik oromgohi sahnasida tojikistonlik xonanda va bastakor Daler Nazarovning konserti bo‘lib o‘tdi.

Safari turizmi — turistlar cho‘l hududida o‘zlari uchun unutilmas taassurotlarga ega bo‘lishlari mumkin.



Maʼlumot uchun, joriy yilda 220 nafar xorijlik sayyoh va 14 200 nafardan ortiq mahalliy sayyoh “BUKHARA DESERT OASIS & SPA” maskaniga tashrif buyurdi. 
Kelgusida turistik markaz faoliyatini kengaytirib, xorijlik sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha muntazam ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Malayziya va Indoneziya davlatlaridagi turistik korxonalar orqali targ‘ibotlar tashkil etilib, ziyorat turizmi yo‘nalishida Buxoroga tashrif buyuruvchi sayyohlarni qo‘shimcha ko‘ngilochar xizmat turlariga jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Фойдали манбалар