Janubiy Koreya mutaxassislari bilan Chirchiq daryosi ifloslanishining oldini olish masalalari o‘rganilmoqda
19.
09. 2023
14:07
2925
Янгиликлар

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Janubiy Koreyaning GEOSTORY kompaniyasi bilan hamkorlikda “Chirchiq daryosi havzasida suv ifloslanishini boshqarishning aqlli tizimi va atrof-muhit monitoringi markazini tashkil etish bo‘yicha Pre-F/S” loyihasini amalga oshirmoqda.
 


15-sentabr kuni loyihaning 2-bosqichi doirasida GEOSTORY kompaniyasi mutaxassislari yurtimizga tashrif buyurishdi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov bilan uchrashishdi.

Uchrashuvda tomonlar ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishida hamkorlikda olib borilgan ishlarning natijalari hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar va tashabbuslarni muhokama qilishdi. 
 

Uchrashuvdan so‘ng xorijlik mutaxassislar institut olimlari bilan birga Chirchiq daryosi suvlari tarkibini o‘rganishdi. Belgilangan nuqtalardan olingan suv namunalari tarkibi joyida 6 ta ko‘rsatkich bo‘yicha tahlil qilindi. 

Tahlil natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, daryoning yuqori qismida joylashgan ko‘p korxonalar chiqindi suvlarini o‘rnatilgan tartiblargacha tozalamasdan, umumiy tozalash inshootiga jo‘natishadi. Asosan, biologik usulda maishiy suvlarni tozalashga mo‘ljallangan tozalash inshootlari bunday murakkab tarkibli suvlarni tozalash imkoniyatiga ega emas. Chirchiq daryosida suv nisbatan kamligi tufayli tabiiy tozalanish imkoniyatlari kamayib, ifloslanish ortib bormoqda.

Ta’kidlash kerakki, sanoat oqova suvlari nazoratini kuchaytirish dolzarb masala bo‘lib, moliyalashtirish amalga oshirilgach, belgilangan nuqtalarda onlayn nazorat datchiklari o‘rnatish zarur va bu chiqindi suv tashlamalarini doimiy nazoratga olish imkonini beradi. 



Ma’lumot uchun, joriy yilning 17–22-may  kunlari GEOSTORY kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda bo‘lib, hamkorlikda mazkur loyihaning 1-bosqichini amalga oshirish, shuningdek, suv resurslarini boshqarishning aqlli tizimini joriy qilishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilishgan edi. 

Ikkinchi tashrif 21-sentabrgacha davom etadi va tashrif davomida Chirchiq daryosining yuqori va quyi oqimlarida monitoring ishlarini olib borish, shuningdek, ma’lumotlarni dronlar va giperspektral sensorlar orqali qurish, IoT sensor asosiy ma’lumotlarini shakllantirish kabi tadbirlar rejalashtirilgan.

Фойдали манбалар